
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i MUROJAAT
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Июнь 09, 2023
- 399 кўрилди
Ommaviy axborot vositalari vakillari,
jurnalistlar, blogerlar, barcha-barcha
axborot tarqatuvchi fuqarolarga...
BEKCHANOVA DILBAR ZARIPOVNA,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar Agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi
MUROJAAT
Qadrli axborot tarqatuvchi! Ushbu maqolam orqali bildirayotgan ayrim tavsiyalarimni toʻgʻri qabul qilishingizni istayman. Zero, har bir davlatning oʻz qonunlari, tartib-taomillari, qoidalari mavjud. Shu ijtimoiy hayotda yashar ekanmiz, albatta qonunlarga itoat qilmogʻimiz, boʻysunmogʻimiz zarur.
Ijtimoiy tarmoqlarda turli xil mazmundagi xabar va axborotlarni tarqatish barobarida, ularning toʻgʻri va xolisligiga jiddiy ahamiyat berilishi oʻta muhim jarayondir. Chunki, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan axborot tarqatish Oʻzbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy meʻyorlari hamda tegishli qonunchilik talablarining buzilishi hisoblanadi. Amaldagi qonunchilikka rioya qilmaslik esa maʻmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.
Maʻmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 40-moddasida tuhmat, yaʻni bila turib yolgʻon, boshqa bir shaxsni sharmanda qiluvchi uydirmalarni tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan oltmish baravarigacha miqdorda jarima solishga, 41-moddasiga koʻra haqorat qilish, yaʻni shaxsning shaʻni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Shuningdek, Jinoyat Kodeksi 244-moddasida "Diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, qirgʻin solishga yoki fuqarolarni zoʻrlik bilan koʻchirib yuborishga daʻvat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan maʻlumotlar va materiallarni har qanday shaklda tarqatish, xuddi shuningdek, fuqarolar totuvligini buzish, tuhmatona, vaziyatni beqarorlashtiruvchi uydirmalar tarqatish hamda jamiyatda qaror topgan xulq-atvor qoidalariga va jamoat xavfsizligiga qarshi qaratilgan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadida dindan foydalanish, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish - bazaviy hisoblash miqdorining uch yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, deya belgilab qoʻyilgan.
BU BORADA ISLOMDA NIMA DEYILGAN?
Muqaddas Islom dinimizda qanday qoralanishi masalalariga toʻxtalib oʻtishni ham joiz bildim. Xoʻsh, bu koʻrsatmalar nimalardan iborat?
Ayblov, gʻiybat, tuhmat, odamlarni orqasidan yomonlovchilar haqida, muqaddas Qurʻoni Karimda va sahih hadislarda kelgan ishonchli manbaalarga yuzlanamiz.
Alloh taolo “Humaza” surasida shunday marhamat qiladi: (Kishilar ortidan) gʻiybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaga vayl boʻlsin. (Humaza surasi 1 oyat). Oyati karimadagi “vayl” soʻzidan “halok boʻlish”, “baxtsizlik”, “ziyon” maʻnolari yoki jahannamdagi bir vodiy iroda qilingan.
“Humaza” soʻzining mashhur maʻnosidan boshqa maʻnolari ham bor. Ular quyidagilar:
- Odamlarni yuziga qarab haqorat qiluvchilar.
- Odamlarga tili bilan ozor beruvchilar.
- Qanday yoʻl bilan boʻlsa ham odamlarni ayblovchilar.
“Lumaza” soʻzining ham mashhur maʻnosidan boshqa maʻnolari bor. Ular quyidagilar:
- Odamlarni orqasidan yomonlovchilar.
- Odamlarni oʻz hatti-harakatlari bilan masxara qilib ozor beruvchilar.
- Odamlarning ayblanishiga sabab boʻladigan ishlar qiluvchilar.
Shuning uchun ham, Alloh taolo ularni: “Barcha (kishilarga dilozorlik qilib, ularning obroʻlarini toʻkib yuradigan) boʻhtonchi-gʻiybatchiga halokat boʻlgay”, (Xumaza: 1) - deb ogohlantirdi. Ular odamlarni gaplari va harakatlari bilan ayblaydilar. Holbuki ular, nafrat va tahqirga loyiqdirlar. Nega loyiq boʻlmasinlar? Axir ular boʻhton, gʻiybat, chaqimchilik, xiyonat, gina, hasad va aldovni tark etmayaptilar-ku! Shuning uchun ham, qabr azobining sabablaridan biri - odamlar oʻrtasida gap tashib, chaqimchilik qilishdir.
JINOYOT KODEKSIDA
Jinoyat Kodeksining 139-moddasida “Tuhmat qilish, yaʻni bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish, shunday harakatlar uchun maʻmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Nashr qilish yoki boshqacha usulda koʻpaytirilgan matnda yoxud ommaviy axborot vositalari orqali tuhmat qilish – bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan toʻrt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”, - deya belgilangan.
Tuhmat:
- a) ogʻir yoki oʻta ogʻir jinoyat sodir etishda ayblab;
- b) ogʻir oqibatlar kelib chiqishiga sabab boʻlgan holda;
- v) xavfli residivist tomonidan;
- g) gʻarazgoʻylik yoki boshqa past niyatlarda qilinsa, - bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
QADRLI AXBOROT TARQATUVChI!
Yuqorida keltirilgan konstitutsion huquqlar, qonunlar va muqaddas Islom dinimizning koʻrsatmalari qanchalik bir-biriga mantiqan yaqin va oʻxshashligini anglash qiyin emas. Jamiyatimiz, yurtimiz tinchligi, farovonligi, insonlar baxt-saodati uchun xizmat qiladigan ushbu tartiblar va hukmlar naqadar adolatli va hayotiy.
Shuning uchun ogʻzibirchilikda, birdamlikda yaxshi va ezgu kunlarning sharofati uchun harakat qilmogʻimiz oʻrinlidir. Qilingan barcha nohaqliklar uchun bu dunyoda ham, u dunyoda ham javobgarlik muqarrar. Yuqorida bayon etganimiz kabi, bu Islom dinimizda ham, qonunchiligimizda ham ochiq-oydin va batafsil ifodalab berilgan. Omonlik boʻlsin!