Dehqonchilik uchun 1 gektargacha yer ijaraga beriladi
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Март 03, 2022
- 1667 кўрилди
Qarorning maqsadi: aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash, aholiga agrar tarmoqda oʻz biznesini tashkil etishga koʻmaklashish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda dehqon xoʻjaliklarining ulushini oshirish va qishloq xoʻjaligini diversifikatsiyalash orqali oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash.
Dehqon xoʻjaligini yuritish uchun yer uchastkalari “E-AUKSION” elektron savdo platformasida ochiq elektron tanlov oʻtkazish orqali ijaraga beriladi (Yer uchastkalarini Vazirlar Mahkamasi tomonidan ijaraga berish hollari bundan mustasno).
Qaror bilan fermerlar va klasterlarning past hosilli paxta va gʻalladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydoni 2022-2025-yillarda zaxiraga qaytariladi.
Zaxiraga qaytarilgan yerlar sabzavotchilik, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka uchun fuqarolarga 0,10 gektardan 1 gektargacha elektron tanlov orqali ijaraga beriladi.
Ijaraga berishda oʻz tomorqasida meva-sabzavotchilik, poliz mahsulotlarini yetishtirish va uzumchilikda yaxshi natijalarga erishgan, ushbu sohalardan birida tayanch mutaxassislikka ega boʻlgan fuqarolarga, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan ehtiyojmand oilalarga alohida ustuvorlik beriladi.
100 mln dollar pul banklarga milliy valyutada 3 yil imtiyozli davr bilan 10 yilga 10 foiz stavkada joylashtiriladi.
Kreditlar dehqon va fermerlarga:
100 mln soʻmgacha 14% stavkada;
kichik intensiv bogʻ va uzumchilikka 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha, poliz, dukkakli, moyli ekinlar, kartoshka va sabzavotchilikka 6 oygacha imtiyozli davr bilan 2 yilgacha ajratiladi.
Kreditlar yangi joriy etilayotgan hokim yordamchilari yozma tavsiyasiga asosan beriladi.