O‘ZBEGIM ZABONI - BUYUK

#Ona_tilim_faxrim

O‘ZBEGIM ZABONI - BUYUK

Til milliy birlikni taʼminlovchi omillardan biri. U millatni ichdan ushlab turuvchi mustaxkam kamar, xalqning o’zligini asraguvchi qo‘rg‘on, boshqa xalqlar orasida dunyo saxnida o‘zining mavjudligini ko‘rsatib turuvchi nishona. Bexbudiy so‘zlari bilan aytganda, millatning millatligini ko’rsatib turuvchi ikki narsadan biri bu til birligidir. “Milliy tilni yo‘qotmak – millat ruxini yo‘qotmakdir”,- deydi A.Avloniy. Xar bir xalq obro‘si-shaʼni uning madaniyati va ma‘naviyati qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Til esa xalq madaniyatining ajralmas qismi. Xar bir xalq tilining taraqqiy etishi ayni shu xalq vakillarining o‘z tiliga munosabatiga bog‘liq. O‘zbek xalqining ulug‘ farzandi xazrat Navoiy turkiy tilning obro‘sini ko‘tarish, uni dunyo tillari orasidagi mavqeini tiklash uchun umrini sarf etgan edi, desak mubolag’a bo‘lmaydi. Nazmiy asarlarining umumiy xajmi 58 ming baytdan ortiq bo‘lgan so‘z sultoni yaratmalarining 51663 bayti turkiy-o‘zbek tilida. 25600dan ortiq baytdan tashkil topgan birgina “Xamsa”ning o‘zida 52 mingdan ortiq so‘z baytlarda qofiyadosh bo‘lib kelgan. Bu ulug‘ zotning o‘z ona tili lug‘at fondida bo‘lgan barcha adabiy til so‘zlari, dialektlardagi va nixoyat o‘zigacha bo‘lgan yozma yodgorliklar tilida uchrovchi xamma so‘zlarni ularning turli maʼno qirralari bilan bilganliklarini, xamda shu so‘z ma‘nolarining bayt mazmuniga to‘g’ri keladiganini topib qo‘llaganliklarini ko‘rsatadi. So‘z mulkining soxibqironi XV asr II yarmi o‘zbek poetik adabiy tilini ko‘plab yangi so‘zlar bilan boyitgan, 100 tacha yangi so‘zni o‘zbek va fors-tojik tillaridagi qoidalar asosida yangidan yasagan, ko‘plab yangi so‘zlarni badiiy iste‘molga olib kirgan, eski o’zbek adabiy tili lug‘at fondiga 1000tacha kishi ismlari va 300taga yaqin joy nomlarini til birligi sifatida poetik iste‘molga olib kirgan, so‘z qo‘llashning go‘zal namunalarini xam nazmiy xam nasriy asarlarida namoyish etgan. Ona tilimizning zaxmatkash jonkuyari ushbu misralarni bitganlarida ming bora xaq edilar:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam
Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim,
Sherozu Tabre ki,
qilmishdur nayi kilkim shakarrez.
Ko‘ngul bermish so‘zumga turk jon xam,
Ne yolg‘uz turk, balki turkmon xam.
Xazrat Navoiy go’zal va boy tilimizning yuksak martabasini butun olamga namoyish qilish bilan cheklanib qolmadilar, balki ushbu aziz neʼmatning kelajak taqdiri ayni millat vakillari qo’lida ekanligini ushbu xikmatlari bilan bot-bot eslatib turadilar: “Tilga ixtiyorsiz – elga eʼtiborsiz”. Binobarin, kishi tiliga ixtiyorsizlik ko’rsatib, xayoliga kelgan so’zni o’ylamay aytaversa, bundan bir kishi emas, balki el malol topadi. Tilni kimnidir to’g’ri yo’ldan adashtirish yoki xaqoratlab, dilini og’ritish, kishilarni bir-biriga yomonlab, oralariga nifoq solish, ojiz odamni qo’rqitib, diliga vaxima solish uchun ishlatish nojoizdir.
“Guxari sharif” xisoblanguvchi so’zni o’rinsiz ishlatish, maʼnosi va qachon ishlatilishiga eʼtibor qilmasdan qo’llash tilni buzadi, lug’at fondimizda shuncha maʼnodosh so’zlar turganda bir xil so’zni xadeb takrorlayverish tilni g’ariblashtiradi. Pirovard natijada ona tilimizning mavqeiga putur etadi.
Shu o’rinda Asqad Muxtorning kuyinib aytgan so’zlari yodga tushadi: “Nur alan - nur” degan yaxshi ibora bor. Uni ko’pincha “Nur ustiga aʼlo nur” deb nodonlarcha buzib ishlatadilar…”Ko’cha odamlar bilan gavjum”, deydilar. Vaxolanki, “odamlar bilan gavjum” deb bo’lmaydi. Chunki “gavjum”ning o’zi odam ko’p degani. Yoshlarning, ayniqsa, muxbirlarning tildagi pala-partishliklaridan xar gal ranjiyman. Axir, tilimiz – shakllangan buyuk tarixiy til. Xech bo’lmasa, uning oq sochli bobo yoshini xurmat qilish kerak. U yuz yil emas, besh yuz yoki ming yil emas, o’n besh, xatto yigirma asrlik tarixga ega”. Ayni paytda shunday go’zal tilda so’zlashuvchi xalq ekanligimiz, til neʼmati uchun shukr qilmoq kerak.

Til - dilimiz tarjimoni. Atrofimizdagilarga fikrimizni yetkazib beruvchi, quvonch-u tashvishlarimizdan boshqalarni xabardor etib, ularni bizga xamdard, do’st qiluvchi ayni shu tilimiz emasmi? Axir millatning xar bir vakili shu til orqali o’zini, o’zligini, butun dunyoni tanimadimi? Til millatning ongi va xotirasi, ruxiyati, maʼnaviy qiyofasi, tashqi olamga munosabatining inʼikosi ekan, Ona tili rivoji, taraqqiy etishi, alaloqibat yashab qolishi shu til egalari, millat farzandlarining o’z ona tiliga xurmati, mexri va to’g’ri istifoda etishiga bog’liq ekanini bir laxza bo’lsa-da unutmaslik lozim. Bugun dunyoda olti mingga yaqin til va sheva bor. Ulardan bor-yo’g’i yuzga yaqini davlat tili maqomiga ega. Qancha tillar isteʼmoldan chiqib, o’lik tillarga aylangan.
Xozirda xam 1400 ta tilning yo’qolib ketish xavfi mavjud. Mana shunday xolatda davlat tili maqomini olgan yuzga yaqin til orasida Ona tilimizning borligi biz uchun beqiyos neʼmat, bundan qalbimiz g’urur va faxrga to’ladi. Ona tilimizning betakror imkoniyatlaridan keng foydalanish, uning xalqaro maydondagi obro’ eʼtibori va nufuzini yuksaltirish, eng zamonaviy soxa xamda tarmoqlarda faol qo’llanishini taʼminlashga erishish siz-u bizning muqaddas burchimizdir. Ona tilimizning qutlug’ shodiyonasida uning kelajagi porloq, rivoji bardavom bo’lishini, bunda aziz eldoshlarimiz, yoshlarimiz g’ayrat-shijoat qilishlarni, buyuk tarixiy tilimizga xurmat va masʼuliyat bilan yondashish orqali uning qadr-qimmatini baland tutishlarini, xazrat Navoiydek jonbozlik ko’rsatmasalar-da, xech bo’lmasa ulardek tilimizni sevishlarini, o’z or-nomusini asrab-avaylagandek tilimizni toza saqlashlarini, keyingi avlod xam o’zbek tilining ulug’vor bo’y-bastidan faxr tuyg’ularini xis qilishlarini istar edik.

Salomat Matkarimova,
Urganch davlat universiteti dotsenti, f.f.n.
Zarifa Matyusupova,
Urganch shahar 22-son IMTT defektologi

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.