2025 yil uchun Xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida

2025 yil uchun Xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21 aprelda qabul qilingan “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi PF-70-sonli Farmoni qabul qilindi.

Farmonga asosan «O‘zbekiston — 2030» strategiyasiga muvofiq 2030 yilgacha nodavlat sektor ulushini 85 foizga etkazish va davlat ishtirokidagi korxonalarni 6 baravarga qisqartirish bo‘yicha vazifalar ijrosini ta’minlash, davlat ishtirokidagi yirik korxonalar va tijorat banklarini transformatsiya qilish, ular tarkibidagi raqobat muhiti shakllangan sohalardagi korxonalar sonini kamaytirish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilda Respublika bo‘yicha 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish belgilangan bo‘lib, xususan, Xorazm viloyatida davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 5 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 41 ta ko‘chmas mulk ob’ektini va 343,6 gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish belgilandi.

Farmonga muvofiq davlat aktivlari va tadbirkorlik uchun mo‘ljallangan yer uchastkalarini sotish hamda davlat mulkini ijaraga berishni jadallashtirish maqsadida bir qator imtiyozlar berildi.

Xususan,

a) maydoni 10 ming metr kvadratgacha bo‘lgan davlat mulki ob’ektlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartib asosida yuqori texnologiyali mahsulot ishlab chiqaradigan tadbirkorlik sub’ektlariga 5 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tekin foydalanishga beriladi hamda shartnoma shartlari bajarilgan taqdirda ushbu tadbirkorlik sub’ektlariga baholangan qiymatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotiladi;

(b) boshlang‘ich narxini bosqichma-bosqich pasaytirish mexanizmi qo‘llangandan keyin ham bir yildan ortiq muddatda sotilmagan va xaridorlar uchun jozibador bo‘lmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari boshqa yuridik shaxslarning ustav kapitaliga ulush sifatida kiritiladi;

(v) tugatilayotgan «O‘zpaxtasanoat» AJ va uning tarkibidagi korxonalar aktivlari uch oy davomida sotilmagan taqdirda, ularning boshlang‘ich bahosi 50 foizgacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytirilgan holda sotib olish to‘lovlarini uch yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan savdolarga chiqariladi.

Shuningdek, barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati o‘n besh ish kunida to‘liq to‘langan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma beriladi, agarda boshlang‘ich narxi 50 foizdan ortiqqa pasaytirilgan holda realizatsiya qilingan yer uchastkalari uchun ushbu chegirma qo‘llanilmaydi.

Auksion savdolariga chiqarilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlaridan tashqari) uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlang‘ich narxi 30 foizigacha, olti oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi.

Ochiq elektron onlayn auksion savdolari orqali ijara huquqi asosida sotib olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari, agar ular yer uchastkasi realizatsiya qilinganidan keyin shaharsozlik hujjatlariga muvofiq bo‘lsa va yer ijara shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer uchastkasi uchun to‘lovlar to‘liq to‘langanidan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan xususiylashtirilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari, ustuvor ravishda, faoliyatini kengaytirish istagida va tayyor loyihasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari taklif bildirgan joylardan tanlanishi hamda elektron onlayn auksion savdolarida turgan maydoni kichik bo‘lgan yonma-yon turgan yer uchastkalari shaharsozlik normalaridan kelib chiqqan holda birlashtirilib, qo‘shimcha kelishuvlarsiz qayta auksion savdolariga chiqariladi.

Shuningdek, davlat mulkini ijaraga berishda ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara to‘lovlari bir oy davomida to‘langan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi, bundan chegirma qo‘llamaslik sharti bilan ijaraga berilgan hamda bir yildan kam muddatga tuzilgan va boshqa imtiyozlar qo‘llangan ijara shartnomalari mustasno.

Olti oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan ob’ektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlang‘ich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, o‘tkazilgan deb hisoblanishi belgilandi.

Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyuldan boshlab Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari hamda mahallalarda tuman hokimlarining yordamchilari arizasi asosida sotilgan bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotishdan tushgan mablag‘larning boshlang‘ich narxidan oshgan qismining 10 foizi tegishlicha Savdo-sanoat palatasiga yoki hokim yordamchilarini rag‘batlantirish uchun va ob’ekt joylashgan mahalla fuqarolar yig‘iniga teng ulushlarda o‘tkazib beriladi.

“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ
Xorazm viloyati hududiy vakili
R.Kuryazov

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.