INSON SOGʻLIGI MUHIM
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Январь 26, 2024
- 198 кўрилди
Xoʻsh, kontrafakt matbaa mahsulotlari nima? Kontrafakt matbaa mahsulotlari - davlat standartlari hamda belgilab qoʻyilgan meʼyoriy hujjatlardagi koʻrsatkichlarga zid ravishda tayyorlangan va chop etilgan mahsulotdir. Kontrafakt matbaa mahsulotlari yosh avlodning sogʻligiga, shuningdek, teng raqobatli muhitning izdan chiqishi va iqtisodiyotning moʻtadil oʻsishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shuningdek, oʻzga ishlab chiqaruvchi yoki muallifning asarini uning roziligisiz qonunga xilof ravishda qayta chop ettirib, mualliflik huquqini buzishi yoki adabiy asarni soxtalashtirib chiqarishi orqali nafaqat qonun buzilishiga, balki buning ortidan insonlar salomatligiga ham jiddiy zarar yetkazilish mumkin. Yaʼni bunday mahsulotlar sifatsizligi, Davlat standartlariga javob bermasligi bilan sogʻliq uchun muayyan xavfni yuzaga keltiradi. Bundan tashqari, kontrafakt mahsulotlar orqali qonuniy faoliyat olib boruvchi matbaa korxonalari va savdo shohobchalari ham iqtisodiy zarar koʻradilar.
Kontrafakt mahsulotlarni ishlab chiqarish, tarqatish va sotish bilan shugʻullanish Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari bilan taqiqlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisida” gi Kodeksining 1771-moddasiga koʻra, asarlardan yoki turdosh huquqlar obyektlaridan qonunga xilof ravishda foydalanish, xuddi shuningdek asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini takrorlash, tarqatish, barchaning eʼtiboriga yetkazish yoxud asarlarning yoki turdosh huquqlar obyektlarining nusxalarida ularning tayyorlovchilari haqida, ularni ishlab chiqarish joylari toʻgʻrisida, shuningdek mualliflik huquqining va turdosh huquqlarning egalari haqida yolgʻon axborotni koʻrsatish,- asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - besh baravaridan oʻn baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan boʻlsa,- asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalarini, shuningdek ularni takrorlash hamda tarqatish uchun foydalaniladigan materiallar va uskunalarni hamda boshqa huquqbuzarlik sodir etish qurollarini musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oʻn baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa- oʻn baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish, tayyorlash va tarqatish kabi noqonuniy holatlarning oldini olish maqsadida tadbirkorlar orasida keng joylarda tushunish ishlari olib borilmoqda. Boshqarmamiz tomonidan tizimdagi tadbirkorlar, aholi, yoshlar oʻrtasida keng targʻibot ishlari tashkil qilingan. Viloyatda faoliyat olib borayotgan nashriyotlar, matbaa korxonalari masʼullari bilan oʻtkazilgan davra suhbatlari va seminarlarda ularga kontrafakt matbaa mahsulotlari insonlar, ayniqsa, yosh avlodning maʼnaviyatiga, salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkinligi haqida zaruriy tavsiyalar taqdim etilmoqda.
Viloyatda kitob savdosi bilan shugʻullanuvchi savdo doʻkonlari faoliyatida kontrafakt nusxalari aylanmasiga qarshi kurashish, matbaa mahsulotlari nashr qilishning oldini olish maqsadida tayyorlangan “Kontrafakt mahsulotlaridan ehtiyot boʻling!” mavzusidagi buklet tadbirkorlik subyektlariga tarqatilib, mavzu yuzasidan ularga atroflicha tushuntirishlar berilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi
huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi