UMIDNING UMIDLARI

Xorazmni qazsangiz agar,
Yer ostidan daryolar chiqar.
Xorazmni qazsagiz agar,
Yer ostidan dunyolar chiqar...

Xorazmlik taniqli olim, mashhur shoir va tarjimon Matnazar Abdulhakimning ushbu noyob misralarini takrorlaganimda, yurtimizning, vohamizning har bir tarixiy bosqichida daryolar-u dunyolar, hali biz bilmagan xazinalar bisyorligini his qilaman. Haqiqatan shunday. Umid Bekmuhammadning izlanishlari, tadqiqotlari, ijodiy faoliyatida xuddi shu topilmalar  qayta-qayta boʻy choʻzmoqda.

Xorazmning asrlar silsilasida yotgan yorqin tarixini, moziy sahifalarini ochiqlayotgan, qancha-qancha olimu fuzalolar, tarixchi-yu oʻlkashunoslar qoʻl urolmagan mavzularda tinimsiz izlanishlar olib borayotgan  yosh olimning mehnatlariga tasannolar aytgim keladi. Hamisha qoyil qolaman. Koʻz tegmasin. Umidjonga Alloh tomonidan berilgan bu inoyat bugun faqat ezgulikka, yaxshilikka va kelajakka xizmat qilmoqda.

Publitsist, tarixchi olim, adib, oʻlkashunos, mahoratli pedagog Umid Bekmuhammad haqidagi “Zamondoshlar eʼtirofidagi  shaxs” (“Milleniumus  print” nashriyoti, Urganch – 2024) nomli toʻplamni oʻqib, anchadan beri  mening ham koʻnglimdan oʻtib yurgan fikrlar shu kitobda jamlanganligining guvohi boʻldim. Shu bois-bahonada mening hurmatli insonim Umid Bekmuhammad haqida baʼzi fikru tilaklarimni qoralashni lozim topdim.

Toʻgʻrisi, qaysi viloyatga borsam, koʻplar mendan u haqida soʻrashadi. Umidjon juda kamtarin, samimiy inson. Oʻzini koʻz-koʻz qilib, maqtanishni xush koʻrmaydi. Hatto bir gal 27-iyun - matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni tashkil qilinadigan tadbirga taklif qilsam, bunday bayramlarda ishtirok qilishni unchalik ham yaxshi koʻrmasligini bildirdi. Ha, majlis va tantanalarda vaqtini  oʻtkazish, orden va medallar taqib, tantana va bayramlarda oʻzligini koʻrsatish unga xos emas. Bunga sarflaydigan vaqtini sargʻaygan arxiv hujjatlarini titkilab, maʼlumotlar toʻplashni maʼqul koʻradi. Olimning gaplari toʻgʻri: Vaqtning qadriga yetib, yashashim kerak. Hali qiladigan ishlarim juda koʻp.

Umidjon oʻtgan faoliyati davomida sakkiz yuzga yaqin turli publitsistik, ilmiy-ommabop, tahliliy maqolalari, ellikka yaqin tarixiy kitoblari orqali maʼlumu mashhur boʻldi. Negaki, hali qalam tegmagan mavzular, mashhurlarning hayoti, yaqin va uzoq oʻtmishimizning biz bilmagan, ochiqlanmagan tarixi, moziy sahifalari, turli davr voqealari, Xorazmning oydinlari  toʻgʻrisida yozganlari ijodining naqadar salmoqli,  teran ekanligidan guvohlik beradi. Baʼzan shuncha maʼlumotlar, tahlil va fakt-raqamlarni qayerdan olarkan, deb oʻylab qolaman. Albatta buning tagida haqiqiy mehnat, mashaqqat yotibdi. 

Qolaversa, Umid Bekmuhammad Xorazmni nihoyatda yaxshi koʻradigan inson. Qalbida yurtiga muhabbat shu qadar kuchliki, tuprogʻining har bir qarichi uning uchun muqaddas. Agar yaxshi koʻrmaganida Xorazmning bebaho tarixi, madaniyati, maorifi va adabiy merosi, jadidchilik harakati haqida bu qadar toʻlqinlanib, bu qadar yuksak ruhiyat bilan yozmagan boʻlardi. Turli ijtimoiy-siyosiy davrning mudhish voqealari qurboni boʻlgan millatparvar insonlar, jadidlar, qahramonlar, buyuklar nomini tiklash, ular haqida haqiqatni aytish, yozish  tarixchining eng sevimli mashgʻuloti. Shuningsiz kun- kun emas, shuningsiz hayot- hayot emas, uning uchun. Umidjonning qiyofasida oʻz yurti tarixini oʻqib oʻrgangani, izlangani sari baxtiyorligini, muhtashamligini koʻraman.

Bizga maʼlumki, Rossiyalik arxeolog olim S.P.Tolstovning 1948-yilda chop qilingan ruscha nusxadagi “Qadimiy Xorazm sivilizatsiyasini izlab”  nomli kitobi 1964-yilda oʻzbekchaga oʻgirilgan.  Xorazmning goʻzal va haqiqiy tarixidan bizga  meros, har ikkala davrda ham rus va oʻzbek tillarida chop qilingan ushbu kitoblarning nusxalarini hatto kutubxonalardan ham topishning iloji yoʻq edi. Umidjon ana shu boʻshlikni-kitobxonlarning talablarini oʻrganib, uning yangi  koʻrinishdagi nashrini chop qilishga kirishdi.

Nihoyat, 2014-yili uning tashabbusi, saʼy-harakatlari va homiyligi bilan mazkur kitob dunyo yuzini koʻrdi. Bu koʻp tahsinlarga loyiq edi. Mazkur kitobni qoʻlimga olganimda toʻlqinlanib ketganman. Axir, hamma ham bu ishga qoʻl urolmaydi. Hech taʼma va ginalarsiz, qatʼiyat ila muallif mazkur kitobni- haqiqiy merosni  biz uchun, bolalarimiz-kelajagimiz uchun chop qildirdi. Ming bora tashakkur sizga, hurmatli insonim!

1999-yilda tashkil qilingan “Darakchi” gazetasining dastlabki sonlarida Umid Bekmuhammadning koʻplab rang-barang qiziqarli, tanqidiy-tahliliy mavzulardagi maqolalari peshma-pesh eʼlon qilina boshlandi. Matbuot va soʻz erkinligi epkinlari esa boshlagan oʻsha kunlarda  muallifning dadillik va teranlik bilan yozilgan bir-birini takrorlanmas materiallari uni butun respublikaga mashhur qildi, tanitdi. Koʻpming nusxadagi mazkur nashrning nufuzi qiziqarli dalillarga, tahlillarga boy materiallari orqali kundan kunga oshib bordi. Gazetxonlarning oʻqishga tashnaligi ana shu mustaqil nashr orqali yanada yaqqol namoyon boʻldi. Ana shunday erkin soʻz aytilib boshlangan yillari xorazmlik Umid Bekmuhammadning mashhur rus adibi A.S.Pushkinning hayoti va Xorazmga talpingan shoirning voqealarga va maʼlumotlarga boy roman-essesi  respublika gazetaxonlarini lol qoldirdi. Mazkur roman-esse 2012-yilda “Yangi asr avlodi” nashriyotida alohida kitob sifatida nashr qilindi. Bu oʻzbek adabiyotida Pushkin obrazi tasvirlangan ilk roman edi.

Sermahsul ijodkorning “Manzara”, “Hurriyat”, “Mohiyat” “Jahon adabiyoti”, “Qishloq hayoti”, “Jadid” kabi qator bosma nashrlarda va “Xurshid Davron kutubxonasi”, “Xabar.uz” internet saytlarida tarixiy, adabiy-badiiy mavzularda maqolalari izma-iz eʼlon qilindi. Mashaqqatli izlanishlar, oʻrganishlar muallifga katta muvaffaqiyatlar  keltirdi, ijodining bardavomligini taʼminladi. Tinib-tinchimas, tolmas Umid Bekmuhammadning respublika, viloyat gazeta va jurnallari sahifalarida chop etilgan  koʻplab ocherk, tanqidiy-tahliliy, muammoli maqolalari oʻziga xos, betakror uslub, taʼsirchan va haqqoniyligi, xolisligi  bilan ajralib turadi.

Oʻtgan yili nashr qilingan “Xorazm jadidchilik harakati ensiklopediyasi” (“Milleniumus print” nashriyoti, Urganch – 2024) va mazkur mavzudagi 4 ta  monografiyasi esa Xorazm jadidshunosligi yoʻnalishida, jadidlar namoyandalari toʻgʻrisida tom maʼnodagi ilmiy ishlardan biri boʻldi. Xorazmning birinchi jadid-jurnalistlari toʻgʻrisida tadqiqotlar, amalga oshirilgan teran izlanishlar oʻz samarasini koʻrsatdi. Jadid-jurnalistlar haqidagi maʼlumotlarni izlash, toʻplash va taqqoslash jarayonida noyob maʼlumotlarni topishga muvaffaq boʻldi. Vohada faoliyat olib borgan jurnalist-pedagoglar, ularning Qrim, Orenburg, Qozon kabi hududlardagi matbuot nashrlari bilan ijodiy hamkorligi, oʻzaro aloqalari haqida ham bir talay  yangiliklarni kashf qildi.  Uning  Bekjon Rahmon, Rahmat Majidiy, Qurbon Beregin kabi vohada matbuot asoschilari, qaldirgʻochlari  hayoti va ijodi toʻgʻrisidagi, shuningdek, Ramazon Saydashev, Gʻofur Usmoniy singari jadid pedagog-jurnalistlarning ijodi, jadid maktablaridagi faoliyatlari haqidagi maʼlumotlar asarning mazmun-mundarajasini tagʻinda boyitgan.

2023-yilda Urganch innovatsion universiteti muassisligida chop qilib boshlangan “Innovatsiya va taraqqiyot” jurnali Umid Bekmuhammadning saʼy-harakatlari va tashabbuslari bilan salohiyatli ilmiy-ommabop nashrga aylandi.  Bugun mazkur nashr sahifalarida respublika va xorijlik olimlar, pedagog-oʻqituvchilar tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamdagi innovatsion loyihalar, izlanish va tadqiqotlar, ilgʻor tajribalar, fandagi yangiliklar, ilmiy-texnika yutuqlari haqidagi maʼlumotlar, maqolalar eʼlon qilib borilmoqda. 

Yozuvchining “Xotira uygʻonsa goʻzaldir” nomli kitobida (“Yangi asr avlodi” nashriyoti, Toshkent-2017-yil) atigi 21 yil umr koʻrgan, ammo adabiyotshunoslikda munosib iz qoldirgan shovotlik hamyurtimiz marhum Bahodir Sodiqovning qisqa boʻlsa-da mazmunli hayoti, porloq ijodi toʻgʻrisida koʻp maʼlumotlar keltirilgan. Unda Bahodir Sodiqov haqida kursdoshlari va doʻstlarining xotiralari ham keng oʻrin olgan. Shuningdek, shoirning doʻsti va kursdoshi marhum Shonazar Avazov (Sh.Avazov ham doʻsti kabi 25 yoshida fojiali vafot qilgan) haqida ham ayrim maʼlumotlar mavjud.

Jurnalistika fakultetining birinchi kursida tahsilni boshlagan 1980-yili shoirning fojiali oʻlimi yozilgan devoriy gazetani oʻqib qoldik. Oʻshanda qattiq hayajonlanganmiz. Negaki, shoirni shaxsan tanimasak-da uning ijodi bizga juda yaxshi tanish edi. Umidjon yana bir bor xayrli ishga qoʻl urib, mazkur kitobi bilan isteʼdod sohibi, kuchli shoir Bahodir Sodiqovning nomini qayta kashf qildi. Bahodir Sodiqovning joylari jannatda boʻlsin...

Umid Bekmuhammadning kelajakdagi rejalari, qiladigan ish va umidlari juda katta va keng qamrovli. Zamondoshlari eʼtirofidagi jadidchi doʻstimiz-Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining aʼzosi, Turon fanlar akademiyasining akademigi, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent, “Doʻstlik” ordeni sohibi Umid Bekmuhammadga navbatdagi ijodiy ishlari, ilmiy izlanishlari hamda umidlarining ushalishida  yanada yuksak parvozlar, sogʻlik- salomatlik tilayman.

 Dilbar BEKCHANOVA,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Аxborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi.

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.