
XORAZM AYOLLARIGA MUROJAAT
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Январь 17, 2025
- 85 кўрилди
Xorazmning aziz va qadrli ayollari!
Siz nafaqat oilaning, balki jamiyatning ham benazir ma’naviy asosi, tamal toshisiz. Oilalarimizning fayzu barakasi, tinchligi, milliy qadriyatlarimizni avaylab-asrashdagi o‘rningiz beqiyos.
Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining sa’y-harakatlari bilan oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, gender tenglik tamoyillarini qaror toptirish, ona va bola sog‘ligini saqlash, ayollarni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash, tadbirkorlikka keng jalb etish, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli, olamshumul islohotlar ro‘yobga chiqdi.
Ushbu yo‘nalishlarda Xorazm viloyatida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Biroq, yutuqlarimiz bilan birga yechimini kutayotgan kamchilik va muammolarimiz ham bor.
Bugungi kunda voha xotin-qizlarining davlat va jamiyat hayotidagi roli juda katta. Jahon tajribasidan bizga ma’lumki, xotin-qizlar nafaqat oilaviy masalalarda, balki davlat va jamiyat boshqaruvida ham mislsiz ijtimoiy faollik bilan maydonga chiqmoqdalar.
Shu munosabat bilan sizlarni bir qator muhim masalalarga e’tiboringizni qaratib, bu yo‘nalishlarda hamkorlikka, faollikka chaqiraman:
1. Jamiyatda sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish va uni amalga oshirish:
Ma’lumki, har bir oila jamiyatning kichik bir qismi. Jismoniy faollik, sportga rag‘bat, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilish orqali biz nafaqat o‘zimizning, balki farzandlarimizning ham kelajakdagi salomatligini himoya qilamiz. Ayollar o‘ziga ham, oilasiga ham e’tibor qaratishi sog‘lom va baquvvat avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbari aytganlaridek, o‘g‘il-qizlarimizni jismoniy va ma’naviy barkamol etib tarbiyalash, ularni milliy g‘urur, Vatanga muhabbat, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida voyaga yetkazish barchamizning muqaddas burchimizdir.
2. Har bir oilada ma’naviy muhitni shakllantirish:
Oila jamiyatning ma’naviy poydevori hisoblanadi. Oilaning ma’naviy muhiti farzandlar kelajagiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ota-bobolarimiz, momolarimizdan qolgan go‘zal qadriyatlarimizga, betakror milliyligimizga sodiqlik, kattalarga hurmat, kichiklarga mehr, odob va axloq qoidalari bizga berilgan eng noyob merosdir. Shu bois, oilaning ma’naviy qudrati uning mustahkamligi va barqarorligi uchun muhim poydevor hisoblanadi. Biz ma’naviy tarbiya ishlarini avvalo oiladan, mahalladan boshlaylik va bu yo‘lda “Ezgulik – shiorimiz, ma’rifat – qurolimiz” degan g‘oya yo‘lchi yulduzimiz bo‘lsin!
3. O‘g‘il-qizlarni tarbiyalashda shaxsiy ibrat ko‘rsatish:
Biz yaxshi niyatlar bilan tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan o‘g‘il-qizlarimiz, yoshlar kelajakda bizning tom ma’nodagi kuchli kafolatimizdir. Ularning tarbiyasi va ta’lim olishiga mas’uliyat bilan yondashishimiz zarur. Har bir ayol o‘z bilimi, madaniyati, odob-axloqi orqali ularga shaxsan ibrat ko‘rsatishi lozim. Yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish va orzu-umidlarini qo‘llab-quvvatlash orqali kelajakda ularga keng muvaffaqiyatlar eshiklari ochiladi.
Sizning donoligingiz, aql-zakovatingiz, jonkuyarligingiz,
mehr-shafqatingiz va fidoyiligingiz bilan jamiyatimizda mislsiz ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarish va yuksalishlar ro‘yobga chiqadi. Zero, xalqimizning “Katta arava qaerdan yursa, kichik arava ham o‘sha yerdan yuradi”, “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” kabi benazir hikmatlari bugun ham o‘z qimmatini yo‘qotmagan. Shaxsiy namuna orqali o‘g‘il-qizlarimizni munosib tarbiyalashga erishaylik!
4. Xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish:
Bugungi kunda xotin-qizlarimiz tadbirkorlik, ta’lim, tibbiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi ko‘plab sohalarda faoliyat yuritmoqdalar. Bu jarayonlarni yanada rivojlantirish, xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish uchun jamiyatimizning har bir sohasida sizlarning faol ishtirokingiz muhim ahamiyatga ega. Zero, ayol va uning jamiyat hayotidagi o‘rni hamisha muhim mezon bo‘lib kelgan.
Shak-shubhasiz, mamlakatimiz ayollarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokini to‘laqonli ta’minlash, ularni ijtimoiy-iqtisodiy hamda huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasidagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bugun ana shu islohotlar natijasi o‘laroq xotin-qizlarning tadbirkorlik yo‘nalishidagi, sport va ta’lim borasidagi yutuqlari ko‘p tahsinlarga loyiq bo‘lmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, ayollarning taqdiri, buguni va kelajagi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, desak mubolag‘a emas. Ushbu yo‘nalishda bor qobiliyatini, salohiyati va ilmu zakovatini ishga solayotgan ayollarimiz safi yana ko‘payaversin!
5. Ijtimoiy hayotda adolat va o‘zaro tenglikni ta’minlash. Ayollarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka chek qo‘yaylik:
Siz nafaqat o‘z huquq va manfaatlaringizni himoya qilishingiz, balki jamiyatda ijtimoiy adolat va tenglikni ta’minlashda ham faol ishtirok etishingiz zarur. Sizlarning bu yo‘nalishdagi kuchingiz, aql-zakovatingiz, faol harakatingiz, tashabbuslaringiz, yangidan-yangi g‘oyalaringiz orqali jamiyatda barqarorlik va farovonlik, tinchlik ta’minlanadi.
Biz jipslashib, birlashib shunday hamkorlik o‘rnataylikki, birorta ayol e’tiborsiz qolmasin. Biror bir ayol tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr chekmasin. Qizlarimiz, ayollarimiz zulmga ko‘nmaslikka, jamiyatga, mas’ul tashkilotlarga suyanishga o‘rgansinlar.
Har bir fuqaro, ayniqsa ayollarimiz muammolarini “mahalla yettiligi” yechib berishiga ishona olsinlar. Shunday fidoyilik bilan ish yuritaylikki, muhtaram Prezidentimizning insonni, oilani asrash borasidagi islohotlari ro‘yobga chiqsin. Oila va ayol-qizlarimizning turmush tarzini yaxshilash, oilasi bag‘rida huzur-halovatli yashashi uchun yo‘naltirilgan har bir islohotni, topshiriqni sidqidildan sifatli bajaraylik!
Qadrli ayollar!
Sizlarning sa’y-harakatlaringiz, mehnatingiz va fidoyiligingiz tufayli jamiyatimizdagi har bir oila sog‘lom va barqaror, yoshlarimiz esa bilimli va ma’rifatli avlod bo‘lib voyaga yetadilar. Har bir tashabbusingiz va amallaringiz kelajagimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shadi.
Yuqorida bayon qilingan beshta muhim yo‘nalishlarda Sizlarning faol harakatlaringiz nihoyatda katta ahamiyatga ega. Sizlarga ishonamiz, sizlarga tayanamiz.
Xorazm viloyati oila va xotin-qizlar boshqarmasi va shaxsan men-viloyat hokimining o‘rinbosari sifatida sizlarni bu borada doimo qo‘llab-quvvatlashga tayyorman.
Sizlarga bugungi jamiyat taraqqiyoti, oilalarimiz tinchligi, farzandlarimiz kelajagi yo‘lidagi izlanish va intilishlaringiz uchun minnatdorchilik bildiraman.
Ushbu xayrli va ezgu ishlar bardavom bo‘lsin. Sizlarga mustahkam salomatlik, yuksak marralar tilayman! Hamisha elda aziz va muhtaram bo‘ling!
Hurmat va ehtirom bilan,
Nigora QUTLIMURATOVA,
Xorazm viloyati hokimining o‘rinbosari,
oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i.