KORRUPSIYAGA QARSHI KURASH OILADAN BOSHLANADI
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Январь 07, 2025
- 25 кўрилди
Farzandlar tarbiyasi oiladan boshlanadi. Yaxshi niyat bilan voyaga yetkazayotgan oʻgʻil-qizlarni munosib tarbiyalash koʻp jihatdan ota-onalarga bogʻliq. “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, “Katta arava qayerdan yursa, kichik arava ham oʻsha yerdan yuradi” degan milliy qadriyatlarimizga boy ushbu naqllar necha asrlardan beri xalqimiz tomonidan eʼtirof qilinib, oʻz mohiyatini yoʻqotmasdan kelmoqda.
Oʻz oilasida yaxshi tarbiya koʻrgan inson ijtimoiy hayotda ham, davlat ishlarida ham hech qachon ochkoʻzlik, taʼmagirlik va boshqa salbiy holatlarga yoʻl qoʻymaydi. Boshqarma tomonidan axborot-kutubxona xodimlari, matbuot kotiblari, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muntazam ravishda oʻtkazilib kelinayotgan mavzu doirasidagi tadbirlarda oiladagi tarbiyaning ana shu eng muhim jihatlariga alohida eʼtibor berilmoqda. Har bir ishchi-xodim zimmasidagi vazifalarni sidqidildan ado etishlari, odob-ahloq qoidalariga rioya qilishlari, shuningdek, korrupsiya va boshqa qonunbuzarliklarga qoʻl urmasliklari yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berilmoqda.
Ayniqsa, yosh xodimlarni maʼnaviy-axloqiy tarbiyasi, huquqiy madaniyatini oshirish, ularda vatanparvarlik fazilatlarini shakllantirish jarayonida fikr almashilyapti. Shuningdek, farzandlar tarbiyasi, hulq-atvori, bilim saviyasi hamda korrupsiya kabi illatlarga aralashib qolmasliklari yuzasidan ular bilan doimo hamkorlikda ish olib borilyapti. Ularning oilaviy va xizmat faoliyati mobaynida duch kelayotgan muammo va tushunmovchiliklarni birgalikda oʻrganib chiqib, tegishli tartibda hal qilish uchun hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha takliflar kiritilmoqda. Davlatimizning qonunchiligi va bu borada olib borilayotgan ishlar muntazam tushuntirilmoqda.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida”gi Qonuniga koʻra korrupsiya - bu, shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishidir. Mamlakatimiz qonunchiligida korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yaratilgan. 2017-yil 3-yanvardagi “Korrupsiyaga qarshi kurash toʻgʻrisida” gi Qonuni, Prezidentning 2019-yil 27-maydagi “Oʻzbekiston respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5729-son Farmoni, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-2752-son qarori shular jumlasidan.
Mazkur huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyatini ishchi-xodimlar, shuningdek, aholi oʻrtasida ham keng targʻib qilish ishlari tizimli ravishda davom qildiriladi.
Dilbar BEKCHANOVA,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi.