URGANCHDA YANA BIR KUTUBXONA

Urganch shahrida yana bir yangi kitob do‘koni kutubxona majmuasi qurilishi boshlandi. Aka-singil tadbirkorlar - Shohnoza va Quvondiq Abdullayevlar navbatdagi savob ishga qo‘l urishdi. Aslida, bu tashabbuslarning boshida hamisha ularning padari buzrukvori - xoji ota Sharifboy Abdullayev turadilar.

Ma’rifatchilar ko‘chasida joylashgan “Bilim - xazina” deb nomlangan kitob do‘koni o‘rnida zamonaviy kitob do‘koni kutubxona majmuasi bunyod etiladi. Yangi binoning yerto‘la qismida 90 ming kitob saqlanadigan fond tashkil qilinmoqda.

Uncha ham katta bo‘lmagan maydonda joylashgan ushbu majmuada bir yo‘la 160 nafar o‘quvchi kitob o‘qishi mumkin bo‘ladi. Kutubxona binosining balkon va tom qismida ochiq havoda kitob mutolaa qilish uchun barcha imkoniyat va shart - sharoitlar yaratiladi. Umuman, mazkur kutubxona aholi, ayniqsa, yoshlar va bolalar uchun juda ham qulay va rang-barang ko‘rinishda, zamonaviy dizayn asnosida qad rostlayotgani quvonarli holat. Kutubxonadagi turli badiiy kitoblarni, jahon, bolalar va mumtoz adabiyotlarni o‘qish uchun uyga olib ketish mumkin bo‘ladi. Bu yerda yana 8 nafar ishchi o‘rni yaratilib, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatiladi.

O‘z o‘rnida viloyat hokimi tadbirkorning ushbu sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi. Majmuaning ikki qavatdan iborat dizayniga ham o‘z takliflarini berdi. Imoratning qurilishini kelgusi yil yanvar oyida yakunlash va ushbu go‘zal ma’rifat maskanini aholiga yangi yil tuhfasi sifatida taqdim etish rejalashtirilgan.

Tadbirkorlarga ma’naviyat va ma’rifat yo‘lida amalga oshirayotgan hayrli ishlaringiz baroridan kelsin, o‘g‘il-qizlarimizni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini oshirib, yaxshilik sari qilayotgan savob ishlaringiz bardavom bo‘lsin, deymiz.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig'i D.Bekchanova

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.