ZULAYHO MASHARIPOVA: DEDEKTIV YOZUVCHI
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Ноябрь 15, 2024
- 44 кўрилди
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida vohaning taniqli dedektiv yozuvchisi Zulayho Masharipovaning navbatdagi “Telba ayol muhabbati” nomli asari hamda “Sevimli otamiz” oilaviy toʻplam-kitobining taqdimoti oʻtkazildi.
Ushbu tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova kirish soʻzi bilan muallifni tabrikladi hamda asarning benazir ahamiyati, ayniqsa, oilada farzandlarni munosib tarbiyalashdagi muhim roli haqida atroflicha fikr yuritdi hamda yozuvchiga boshqarmaning “Tashakkuurnomasi” ni tantanali topshirdi.
Taqdimotda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gavharjon Ibodullayeva, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist, “Oltin qalam” xalqaro mukofoti sohibi, taniqli yozuvchi Abdulla Sobirov, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” birlashgan gazetalari bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova, “XXI asr” gazetasining viloyatdagi muxbiri, taniqli jurnalist va yozuvchi Roʻzimboy Hasan, viloyat Bolalar kutubxonasi direktori Nazira Rahmanova, viloyat “Mehr- shafqat va salomatlik markazi” rahbari Leninza Asqarovalar “Sevimli otamiz” nomli toʻplamda oilaviy qadriyatlar haqida”, “Zulayho Masharipovaning badiiy adabiyotda dedektiv yozuvchi sifatidagi oʻrni”, “Telba ayol muhabbati” kitobini oʻqib: “Vohamizning teran ijodkori” mavzularida soʻzga chiqib, oʻz fikrlarini bayon etdilar.
Tadbirda soʻngida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Zulayho Masharipova viloyat yuridik texnikumi oʻquvchilari va kitobxonlar tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi. Yozuvchining oʻziga xos dedektiv yoʻnalishdagi ijodini hamisha qoʻllab-quvvatlagan va yonida turgan umr yoʻldoshi Xudayberdi Jumaniyozov va farzandlariga, shuningdek, yanada samarali ishlashga, ijod qilishga ragʻbatlantirib turgan tadbir tashkilotchilariga alohida minnatdorchiligini bildirdi.
Muallif shu kuni viloyat axborot-kutubxona markaziga, viloyat Bolalar kutubxonasiga, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimiga va "Taraqqiyot" ayollar va yoshlar markaziga oʻzining yangi kitoblarini taqdim qildi.
Ozoda ANIYOZOVA,
"Taraqqiyot" ayollar va yoshlar markazi.