FIDOYI, SERQIRRA, SERMAHSUL IJODKOR EDI
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Май 07, 2024
- 132 кўрилди
Jurnalistik faoliyatimning dastlabki kunlaridanoq ustozlarning, hamkasblarning ijodiy faoliyatini kuzatib kelaman. Ayniqsa, bosma nashrlarda, ya’ni gazetalarda faoliyat yuritayotgan ustozlarimning, hamkasblarimning har bir maqolani, lavhani, reportajni, jurnalistikaning barcha janrlaridagi materiallarni mas’uliyat bilan tayyorlayotganligining guvohi bo‘laman.
Jurnalistikada gohida ayrim hamkasblarimiz sohalar bo‘yicha ixtisoslashgan tarzda maqolalar yozishga harakat qilishadi. Masalan, sanoat, qurilish, kommunal xizmati kabi qator sohalarda maqolalar tayyorlash bo‘yicha ixtisoslashadilar. Bu ham yaxshi. Biroq, shunday ustozlarimiz, hamkasblarimiz ham borki, ular ijtimoiy-iqtisodiy sohalarning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha jurnalistikaning janrlari asosida materiallarni tezkorlik bilan tayyorlab, samarali ijod qilib kelishgan. Ana shunday serqirra, sermahsul jurnalistlardan biri ustozimiz Abdulla Safoyev edi.
Ustoz Abdulla Safoyev har bir materialni tezkor, o‘qishli, ta’sirchan, maromida tayyorlay oladigan yetuk jurnalist, o‘tkir publitsist edi. Abdulla Safoyev asli Xivalik. U 1952 yil bahor faslida Xiva shahrida tavallud topgan. 1981 yilda Xorazm davlat pedagogika instituti (hozirgi Urganch davlat universiteti)ni tamomlagan. Uning orzusi gazeta tahririyatlarida faoliyat ko‘rsatish edi. Abdulla Safoyev buning uchun o‘z ustida tinimsiz ishladi. Jurnalistikaga oid ilmiy-ommabop kitoblarni qunt bilan mutolaa qildi. Qolaversa, viloyat, tuman gazetalarida ko‘plab maqolalari chop etila boshlandi.
Abdulla Safoyev dastlab Qo‘shko‘pir tumanida chop etiladigan “Mo‘l hosil uchun” (hozirgi “Hayot ko‘zgusi”), keyinchalik “Xiva tongi” gazetalarida faoliyat yuritdi. Ustozning jurnalistik faoliyati yillar davomida har tomonlama takomillashib bordi. “Xorazm haqiqati” gazetasida ham turli mavzulardagi maqolalari tez-tez chop qilinar edi. Ustoz Abdulla Safoyevning orzusi amalga oshib, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyatida muxbir bo‘lib faoliyat yurita boshladi. “Otaxon gazeta tahririyatida ishlagan yillarim meni yanada samarali ijodiy, jurnalistik faoliyat yuritishimga ruhlantirdi. Yanada jo‘shib ijod qilmoqdaman”, deya ustoz biz yosh jurnalistlarga doimo so‘zlab berar edi.
Ma’lumki, gazetamizda vohamizning barcha sohalari keng yoritib boriladi. Va gazetaning har bir soniga maqolani muxbir tezkorlik bilan tayyorlashi muhimdir. Ana shunday tezkor, o‘qishli, rang-barang materiallar tayyorlashda Abdulla Safoyevning faoliyati jamoa a’zolari, biz yosh jurnalistlar uchun ibrat maktabi edi. O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi Abdulla Safoyev maktabgacha va maktab ta’limi, oliy ta’lim, adabiyot, san’at, madaniyat, sport, tibbiyot, barcha sohalar bo‘yicha materiallarni yuksak mahorat bilan tayyorlash qobiliyatiga ega edi.
Ayniqsa, qadimiy va navqiron Xiva shahrida o‘tkaziladigan xalqaro miqyosidagi ko‘rik-tanlovlar, festivallar va boshqa ko‘plab madaniy tadbirlardan reportajlarni tayyorlashda ustozning jurnalistik mahorati yanada yorqin namoyon bo‘lar edi. “Qovun sayli”dan reportajlar tayyorlash jarayonida usta dehqonlar, qishloq xo‘jaligi sohasi mutaxassislari, chet el davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar bilan suhbatlashib, ularning intervyularini tezkorlik bilan tayyorlar va ushbu materiallar gazetamizda chop qilinar edi.
Ustoz Abdulla Safoyev Xivaga poezd kelgan daqiqalardan ko‘plab materiallarni katta xursandchilik bilan tayyorlaganligini gazetamizda chop etilgan maqolalari orqali ham yaqqol ko‘rish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, ustozimiz Abdulla Safoyev tezkor, sermahsul, jo‘shib ijod qilgan fidoyi jurnalistlardan biri edi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni arafasida Ogahiy ijod maktabida taniqli jurnalist Abdulla Safoevning xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilbarjon Bekchanova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist Abdulla Sobirov, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova, mehnat faxriysi Otanazar Pirnazarov, taniqli jurnalistBoltaboy Matqurbonov, “Xiva tongi” gazetasi bosh muharriri Sherjon Masharipov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi bosh mutaxassisi Boltaboy Bekmatov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Otabek Ismoilov, Xiva shahridagi Ogahiy ijod maktabi direktori Sarvarbek Abdullayev va boshqalar so‘zga chiqdilar. Ular ustoz Abdulla Safoyevning mehnat faoliyati, salohiyatli ijodi, iqtidoriga alohida to‘xtaldilar.
Abdulla Safoyev nafaqat tajribali jurnalist edi. Shuningdek, ustoz 20 dan ziyod kitoblarning muallifi hamdir. Abdulla Safoyevning she’rlari san’atkorlar tomonidan qo‘shiq qilib kuylanmoqda.
Tadbir davomida Abdulla Safoyevning oila a’zolari ham u uyida shinamgina kutubxona tashkil etib, gohida tonggacha ijod qilganligini, doimo izlanishda, harakatda bo‘lganligini alohida qayd etishdi.
- Abdulla aka ishdan qaytgach ham, ovqatlanib bo‘lgach, darhol ijodxonasiga kirib, maqolalar yozishga kirishardi. Men ohista ko‘k choy damlab, stol ustiga qo‘yar ekanman, “Rahmat”, deya menga hurmat bilan bir qarab qo‘yib, yana qizg‘in ish jarayoniga kirishar edi, - deydi Abdulla Safoyevning umr yo‘ldoshi To‘xtajon opa. – Gazetalarda, jurnallarda maqolalari, she’rlari, ijod namunalari chop qilinsa, nihoyatda sevinar edi. Nabiralariga ham “Kitob o‘qing, kitob do‘stingiz bo‘lsin, bolalarim”, deya maslahatlar berar edi. Bugun uyimizdagi kutubxonamiz nabiralarimning sevimli maskanidir.
Ha, mehribon murabbiyimiz Abdulla Safoyev olijanob fazilatlarga ega bo‘lib, hamisha ezgu ishlar hamrohi bo‘lgan. Tahririyatda ijodiy jarayonlarda ustozimiz Abdulla aka Safoyev doimo biz yoshlarga gazetalarga maqolalar tayyorlashda yanada mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lish muhimligini qayd etib, tavsiyalar berib borar edi.
Ustozimiz xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir davomida maktab o‘quvchilari Abdulla Safoyevning she’rlarini yoddan aytishdi. San’atkorlar qo‘shiqlar ijro etishdi.
Ana shunday fidoyi, jonkuyar, mehribon ustoz jurnalist bilan yonma-yon faoliyat yuritganligimizdan biz yoshlar faxrlanamiz. “Xorazm haqiqati” gazetasining taxlamlarini varaqlar ekanmiz, Abdulla Safoyev imzosi bilan qayd etilgan yuzlagan maqolalar, lavhalar, reportajlar, ilm-fan namoyandalari, mashhur kishilar bilan suhbatlarini o‘qish mumkin. Ustozimizning xotirasi hamisha qalbimizda yashaydi.
Otaxon RAHIM.
Muallif olgan suratlar.