KORRUPSIYANING OLDINI OLISH MEXANIZMLARI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda uning Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi hamkorligida Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi xodimlari uchun "Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi murosasiz kurash” mavzusida o'quv seminari o‘tkazildi.

Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining komplaens nazorati xizmati boshlig‘i G‘olibjon Boliyev O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun mohiyati to‘g‘risida tushuntirish berdi.

Manfaatlar to‘qnashuvi butun dunyoda jamoatchilikni tashvishga soladigan asosiy muammoga aylandi. Bundan tashqari, xususiy sektor bilan ko‘proq ishlayotgan davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari va ularning xizmat (lavozim) majburiyatlari o‘rtasidagi ziddiyatning yangi shakllari yuzaga kelmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari ishlamay, manfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaga aylansa, davlat hokimiyati obro‘sizlanadi va unga nisbatan ishonchsizlik kuchayadi. Shundan kelib chiqib, manfaatlarni taqiqlash emas, har bir insonning manfaatlari borligini tushungan va tan olgan holda ularni to‘g‘ri boshqarish kerak, dedi G‘.Boliyev o‘z nutqida.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining maslahatchisi Inomjon Abdiyev Agentlikning asosiy vazifalaridan kelib chiqib, axborot sohasida yagona siyosatni yuritishda axborot-kutubxona markazlaridagi fondlarida diniy ekstremizm g'oyalari bilan yo'g'irilgan adabiyotlarning kirib qolmasligi, mobil telefonlar orqali turli xil diniy ekstremistik tashkilotlarning g'oyalarini targ'ib qiluvchi kanallarga va guruhlarga qo'shilmaslik, ularga "layk" bosish orqali munosabat bildirmaslik va ularni tarqatmaslik, uning huquqiy oqibatlari to'g'risida tushuntirish berdi.

Ma’ruzachi va so‘zga chiqqanlar aholining huquqiy ongi va madaniyatini yanada yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlik muqarrarligi prinsiplari mavzulari doirasida o‘zaro fikr almashdilar. Ishtirokchilarning savollarga javoblar berildi.

Yig‘ilishda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xodimlarni boshqarish bo‘limi boshlig‘i Ro‘zimuhammad Yax’yayev ishtirok etdi.

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.