“KITOBXONLIK HAFTALIGI" GA START BERILDI
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Апрель 18, 2022
- 420 кўрилди
Joriy yilning 18-23-aprel kunlari yurtimizning barcha hududlarida boʻlgani kabi Xorazmda ham Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, Xalq taʼlimi, Maktabgacha taʼlim, Madaniyat boshqarmalari, viloyat axborot-kutubxona markazi, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Maʼnaviyat-maʼrifat markazi viloyat boʻlimlari hamkorligida “Kitobsevar millat” shiori ostida “Kitobxonlik haftaligi” boʻlib oʻtadi.
Haftalikning asosiy tadbirlari, xususan, tantanali ochilish marosimi bugun Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyat axborot-kutubxona markazida oʻtkazildi. Onlayn tarzda tashkillashtirilgan tadbirning ochilish marosimini AOKA direktori Asadjon Xodjayev ochib berib, ishtirokchilarni “Kitobxonlik haftaligi” bayrami bilan tabrikladi.
Haftalikning ochilish marosimida yozuvchi va shoirlar, sanʼatkorlar, kitobsevar yoshlar va ommaviy axborot vositalari ishtirok etdilar. Tadbir davomida shahar va tuman axborot-kutubxona markazlariga, faol kitobxonlarga badiiy adabiyotlar, kitoblar toʻplami topshirildi.
Viloyatimiz boʻylab haftalik doirasidagi boshqa madaniy-maʼrifiy tadbirlar, turli taqdimotlar, kitob savdo koʻrgazma-yarmarkalari, intellektual sovrinli viktorinalar, kitob bayramlari shahar va tuman istirohat bogʻlarida, axborot-kutubxona markazlari, oliy taʼlim muassasalari, umumtaʼlim maktablarida davom etmoqda.