“Kitobxonlik haftaligi – 2023”ning ochilish marosimi
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Апрель 10, 2023
- 322 кўрилди
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2025 yillarda Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risida” 2020 yil 14 dekabrdagi 781-son qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 28 fevraldagi PF-27-son Farmoni bilan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi”da belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Respublikamizning barcha hududlarida 2023 yilning 10-15 aprel kunlari davomida “Kitobsevar millat” shiori ostida III - Respublika “Kitobxonlik haftaligi” o‘tkazilishi munosabati bilan Mahmud zamaxshariy nomidagi viloyat axborot –kutubxona markazi foyesida “Kitobxonlik haftaligi – 2023”ning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Yurtimizda kitobxonlar safini kengaytirish, yoshlarni kitob mutolaasiga jalb qilish va kitobxonlik madaniyatini yanada yuksaltirishga alohida e'tibor qaratilmoqda deb Markaz direktori Rahimboy Qurbonov ochib berdi.Tadbirda Urganch shahridagi musiqa va san’at maktablar o'quvchi va o‘qituvchilari Xorazm milliy kuylarini chaldilar, O‘zbekiston Xoreografiya akademiyasi Urganch filiali talabalari raqslar ijro qildilar.
Marosimda so'z olgan viloyat arxiv ishlari boshqarmasi boshlig‘i Rahimbergan Matrasulov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva, “Xorazm haqiqati” va “Xorezmskaya pravda” gazetalari bosh muharriri Soliyajon Rahimberganova, viloyat Xalq talimi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Tillayev, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shuxrat Matkarimov an'anaviy tarzda o'tkazib kelinayotgan “Kitobxonlik haftaligi”ning aholini, ayniqsa yoshlarni kitob o'qishga jalb qilishdagi ahamiyati , shuningdek, 30 aprel kuni bo'lib o'tadigan umumxalq referendumining mohiyati to'g'risida atroflicha so'z yuritdilar.
Tantanali marosim ishtirokchilari markazning 2-qavat foyesida tashkil qilingan “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon” nomli foto ko‘rgazma bilan ham tanishish imkoniga ega bo'ldilar.