“MOZIYDAN SADO” MUALLIFI BILAN UCHRASHUV
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Октябрь 30, 2023
- 272 кўрилди
Xorazmlik taniqli yozuvchi, shoir Qoʻzi Davlat bilan uchrashuv ijodkorning oʻzi oʻqigan maktabida oʻtkazildi. Urganch tumani "Yuqoridoʻrman" qishlogʻidagi 32-son umumtaʼlim maktabi jamoasi va yoshlar sobiq oʻquvchini iliq kutib olishdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi Xorazm viloyati boʻlimi rahbari, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Gavharjon Ibodullayeva, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshligʻi, jurnalist Dilbar Bekchanova, taniqli shoir, dramaturg va yozuvchi Quronboy Muhammadrizo soʻzga chiqib, ijodkorning hayot yoʻli, mehnat faoliyati, benazir asarlari haqida gapirdilar.
Qoʻzi Davlat ijodiy faoliyati davomida yigirmadan ziyod turli kitoblar yozgan. Uning biz qiziqib oʻqigan "Moziydan sado" trilogiyasi Xorazmning soʻnggi uch hukmdori haqida yozilgan boʻlib, voqealarga, ziddiyatlarga boyligi bilan nihoyatda qimmatlidir.
Uning “Turmush bekatlarida”, "Hayot yoʻllarida”, “Shabnam shukuhi” kabi qissa va hikoyalari, gʻazal va sheʼriy asarlari kitobxonlar tomonidan zoʻr qiziqish bilan oʻqilmoqda.
Bu yil muborak 85 yoshni qarshilayotgan ustozga mamlakat taraqqiyoti, xalq farovonligi, tinchligi va osoyishtaligi yoʻlida qilayotgan ezgu va xayrli ishlarida kuch-quvvat, mustahkam salomatlik tilaymiz.
Xorazmni aziz tutib, uning har bir qarich yerini muqaddas bilgan asl farzand sifatida ijodi yanada gullab-yashnasin. Zero, kelajak avlodlarga benazir meros- oʻz tarixini bilish, eʼzozlash va sadoqatli boʻlishdek muqaddas tuygʻuni baxsh etgan inson hamisha ehtiromlarga munosibdir.