Internet va uning Yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati

Internet va uning Yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati

21 asr – axborot texnologiyalari taraqqiyoti asri. Bugungi kun taraqqiyotini jahon axborot tarmog‘i-internetsiz tasavvur qilish mushkul.

Ma’lumki, internet-axborot va hujjatlarning o‘zaro almashinishini ta’minlaydigan kompyuter tarmoqlarini birlashtirgan xalqaro tizimdir.

Internet keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Uydan ko‘chaga chiqmay turib global tarmoq orqali dunyo kutubxonalari bo‘ylab sayr qilib, kurrai zaminning narigi chekkasida joylashgan oliy ta’lim muassasasining masofaviy (virtual) talabasi bo‘lish, hatto elektron xizmatlarni (matnlarni tarjima qilish, video va audiomahsulotlarni tayyorlab berish, kitob va risolalarni sahifalash va hokazo) shartnoma orqali bajarish, pul ishlab topish mumkin. Xullas, internetning ijobiy jihatlari bisyor.

Ijtimoiy tarmoqlar yoki messennjerlarning qulayligi-chi? Onlayn konferensiyalar o‘tkazish, onlayn malaka oshirish, yaqinlar va tanish-bilishlar bilan tez, arzon video yoki audiomuloqot qilish.

Mana shu jihatlari bilan internet keyingi paytlarda jozibadorlikda televideniye, radio va boshqa axborot vositalarini ortda qoldirmoqda.

Lekin internet ko‘plab foydali jihatlari bilan birga salbiy oqibatlarini ham namoyon qilmoqda. Aholida ayniqsa yoshlarda axborot iste’moli madaniyatining sustligi, turli xabarlar oqimidan kerakligini ajratib olishda bilim, malaka va ko‘nikmaning yetishmasligi ba’zilarning g‘arazli kimsa va oqimlar ta’siriga tushib qolishlariga, internet qaramligi kasalligiga yo‘liqishlariga sabab bo‘lmoqda. Xitoy Xalq Repspublikasida internetga qaramlik kasallik sifatida e’tirof etilib, uni  davolovchi maxsus shifoxonalar tashkil etilgani so‘zimizning isbotidir.

Global tarmoq natijasida yuzaga kelgan eng katta muammo, bu, albatta, qaramlik, tobelik kasalligidir. Yoshlarning ko‘p vaqtini inernetda o‘tkazishlari global muammoga aylanib ulgurgan. Bugun internet ayrim yoshlar uchun mashhur yozuvchi Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asari qahramoni Hoshimjon topib olgan sehrli qalpoqchadir.

Umuman, internetga qaramlikning eng og‘ir jihati real olamni, insoniylik burchi va vazifalarini unutishdir. Inson haqiqiy hayotda yashashi, halol mehnat qilishi, ilm olishi, zimmasidagi vazifalarini sidqidildan bajarishi, elu yurtiga fidoyilik bilan xizmat qilishi, atrofdagilarga foyda keltirishi zarur.

Internetda ko‘p vaqtini o‘tkazadigan insonning ruhiyatida mavhumlik va o‘z qobig‘iga o‘ralib olish holati kuzatiladi. Bu esa uni kelajakda “uchinchi kuchlar” tomonidan manqurtlashishi, zombilashtirilishi uchun zamiin yaratadi. Bugungi kunda buzg‘unchi guruhlar yoshlar ongiga ta’sir qilishda asosan internetdan foydalanayotganlari bejiz emas.

Internetning yana bir salbiy jihati-kishilardagi xudbinlik, manmanlik, zamonaviy tilda ifoda etganda, egosentrizm illatining kuchayishiga sabab bo‘lishidir.

Bugungi dunyo yoshlari-son jihatidan butun insoniyat tarixidagi eng yirik avloddir, chunki ular 2 milliard kishini tashkil etmoqda. Bugun internet madaniyati, virtual madaniyat, axborot madaniyati, ma’lumotlardan to‘g‘ri foydalanish madaniyati kabi tushunchalar hayotimizdan o‘rin egalladi. Yoshlarda internet olamida o‘z o‘rnini to‘g‘ri belgilash va foydalanuvchilar bilan to‘g‘ri muomala qilish, virtual olamdagi axborotlarni to‘g‘ri tahlil qilish malakasini shakllantirish davr talabidir.

“Yuksalish harakati”
Xorazm viloyati hududiy bo’linmasi
mutaxassisi N.Solayev

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.