JURNALIST VA YOZUVCHILAR SOVGʻASI

Barchamiz uchun eng aziz bayram-mustaqillik arafasida xorazmlik bir guruh jurnalist va yozuvchilar Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari” xotira muzeyiga tashrif buyurishdi. Maqsad – muzey fondini muntazam ravishda turli ekspozitsiyalar bilan boyitish, koʻrgazmalar, uchrashuvlar tashkil etish hamda bu borada zamonaviy raqamli texnologiyalarni va multimedia vositalarini keng tatbiq etishdek ezgu va xayrli ishlarga yaqindan amaliy koʻmak berishdan iborat.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi hamda Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi hamkorligida vohaning taniqli jurnalist va yozuvchilari tomonidan chop etilgan qatagʻon qurbonlari mavzusida yozgan ellikka yaqin kitob va risolalar muzey fondiga taqdim etildi.

Mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi D. Bekchanova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari G. Ibodullayeva, “Toʻmaris avlodi” jurnali bosh muharriri Sh. Eshchanova tadbir doirasida soʻzga chiqib, el-yurt tinchligi, millatimiz ozodligi, qadriyatlarimiz bardavomligi uchun aziz jonlarini tikib, mardonavor kurashgan, fidoyi insonlar xotirasi muqaddas ekanligi, ularning jasorati ibrat maktabi ekanligi, haqida gapirdilar. 

 

Ishtirokchilar Urganch davlat universiteti tuzilmasidagi “Qatagʻon qurbonlari” xotira muzeyi direktori Y.Rahmonova koʻmagida muzey zallaridan keng oʻrin olgan eksponatlar, muhim tarixiy hujjatlar va xotira burchaklarini tomosha qildilar. 

Mazkur tadbirning samarali natijasi oʻlaroq muzeyda moʻjazgina kutubxona va uning elektron fondini tashkil qilish, turli adabiyotlar bilan muntazam boyitib borish maqsadida oʻzaro hamkorlikni yana davom ettirishga kelishib olindi. Shuningdek, xotira muzeyini viloyat axborot-kutubxona markazi va Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasi elektron kitoblar bazasiga ulash masalasi ham rejalashtirildi.

G. PALVANOVA,
Mahmud Zamaxshariy nomidagi Xorazm viloyati
axborot-kutubxona markazi mutaxassisi

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.