KO'ZLARINGDAGI BAHOR
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Июнь 14, 2024
- 134 кўрилди
Mahmud Zamaxshariy nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazida Yozuvchilar uyushmasi a'zosi Shoira Shamsning Ozarbayjonning Boku shahridagi "Ilm va fan" nashriyotida chop etilgan "Ko‘zlaringdagi bahor" ozarbayjoncha va o‘zbekcha she'rlar to‘plami taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Dilbar Bekchanova ochib bergan tadbirda vohamizning taniqli yozuvchi va shoirlari, yosh ijodkorlar, shoiraning do‘stlari, yaqinlari va ko‘p sonli she'riyat muxlislari ishtirok etishdi.
Davrani O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Gavhar Ibodullayeva olib bordi. Tadbir davomida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zolari Qurbon Muhammadrizo, Otabek Ismoilov, Ro‘zimboy Hasan, Boltaboy Bekmetov, Erpo‘latbaxt, Shirin Soburova, iste'dodli shoiralar Durposhsho Xudoynazarova, Sadoqat Karimova, faxriy o‘qituvchi Ikrom Bobojonov, muallifning oila a'zolari Shoira Shamsni yangi kitobi nashr qilinganligi bilan tabriklab, uning aruz, barmoq vaznida hamda modern yo‘nalishida yozilgan asarlari haqida atroflicha so‘z yuritdilar, shoira ijodining o‘ziga xos jihatlarini e'tirof qildilar. Shuningdek, hozirda poytaxtda yashab ijod qilayotgan, "Ko‘zlaringdagi bahor" to‘plamini ozarbayjonchaga tarjima qilgan “Mard o‘g‘lon" Davlat mukofoti sovrindori, shoir Rahmat Bobojonning video tabrigi namoyish qilindi.
Shoira Shams yaqinda o‘zi ishtirok etgan Ozarbayjonda o‘tkazilgan III Turk dunyosi adabiyot va kitob festivali taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi va qimmatli vaqtlarini ayamay kelganlari uchun barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi. Shoiraga festival doirasida taqdim qilingan Ozarbayjon davlatining ”Molla Penah Vagif” medali taqib qo‘yildi.
Axborot-kutubxona markazi direktori o‘rinbosari Mavluda Qurbonboyeva Shoira Shamsdan yangi kitoblarini qabul qilib oldi.
Shoira Shams ijodi muxlislari uning "Ko‘zlaringdagi bahor" to‘plamiga kirgan she'rlarini o‘qidilar.