KONTRAFAKT MATBAA MAHSULOTLARIDAN EHTIYOT BOʻLING!
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Апрель 16, 2022
- 447 кўрилди
Joriy yilning oʻtgan davrida viloyatning Hazorasp, Shovot, Yangiariq, Xonqa, Gurlan, Yangibozor, Qoʻshkoʻpir, Bogʻot tumanlari markaziy bozorlari hamda kitob doʻkonlarida kontrafakt bosma mahsulotlar savdosining oldini olish borasida tadbirkorlik subyektlari uchun hamkor tashkilotlar bilan birgalikda profilaktik va tushuntirish ishlari olib borildi.
Profilaktik tadbirlar davomida bugungi kunda bozorlarda va kitob doʻkonlarida kontrafakt maktab darsliklari va oʻquv qoʻllanmalari sotuvda ekanligi kuzatildi. Kitob savdosi bilan shugʻullanayotgan tadbirkorlik subyektlariga bunday mahsulotlarni sotish Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga zid ekanligi atroflicha tushuntirildi. Tadbirkorlik subyektlariga bunday mahsulotlarni olib kelmaslik va savdoga chiqarmaslik toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan matbaa faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari bilan oʻtkazilgan yigʻilishda kontrafakt mahsulotlarini ishlab chiqarish, chop etish noqonuniy faoliyat ekanligi alohida taʼkidlandi. Tadbirda xorijda chop etilgan, mamlakatimizda diniy ekspertizadan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi gologramma bilan tamgʻalanmagan diniy adabiyotlar sotuvga qoʻyilayotgani hamda bozorlar atrofida diniy mazmundagi materiallarni koʻchma nuqtalarda sotilayotgani aytib oʻtildi. Bunday harakatlar mamlakatimizning amaldagi qonun xujjatlariga muvofiq huqubuzarlik sifatida qaralishi va belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishi taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi qonuni 62-moddasiga koʻra, asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining takrorlanishi yoki tarqatilishi mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzgan holda amalga oshiriladigan nusxalari kontrafaktdir.
Ushbu qonunning 66-moddasiga koʻra, asarlarning va turdosh huquqlar obyektlarining kontrafakt nusxalari, shuningdek, ularni tayyorlash va takrorlashda foydalaniladigan materiallar va asbob uskunalar hamda sodir etilgan huquqbuzarlikning boshqa vositalari qonun hujjatlariga muvofiq sud tartibida musodara qilinishi belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish sohasidagi faoliyatni amalga oshirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 20-yanvardagi 10-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faoliyatini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida Nizom” ning 14-bandida diniy mazmundagi materiallarni Oʻzbekiston Respublikasi hududida tarqatish yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan turgʻun savdo shohobchalari orqali fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalari, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda esa onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassa, toʻlov terminallarini qoʻllash va pul tushumlarini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bankka inkassatsiya qilish (banklarga topshirish) yoʻli bilan amalga oshirilishi belgilangan. Shuningdek, ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Diniy mazmundagi materiallarni davlat dinshunoslik ekspertizasidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizom” ning 17-bandida Ekspert xulosasiga koʻra tayyorlashga taqdim etilgan material ushbu Nizom 2-ilovasiga muvofiq vakolatli organning maxsus gologrammasi bilan tamgʻalanishi belgilangan.
Har qanday xaridor, oʻquvchi sifatli mahsulot sotib olishni xohlaydi. Bugungi xaridorning talabi bilan qaraydigan boʻlsak, albatta tanlab va saralab olish, sifatli matbaa mahsulotlarini oʻzi istagan shohobchadan sotib olishi imkoniyati bor. Ammo ayrim tadbirkorlar tomonidan qoʻlbola, sifatsiz, standard belgilariga javob bermaydigan bosma mahsulotlarning sotilayotganini kechirib boʻlmaydi. Sifatsiz va kontrafakt matbaa mahsulotlaridan ehtiyot boʻlish hammamiz uchun muhim ahamiyat kasb qiladi. Unga qarshi kurash esa barchamizning burchimiz. Zero, xaridor hamisha haq va u talabchan boʻlishi lozim.
N.Saparbayev,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi