Murojaatlar eʼtiborda, ijrosi — nazoratda
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Февраль 01, 2024
- 173 кўрилди
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida har bir shaxs bevosita oʻzi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega ekanligi, arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda koʻrib chiqilishi shartligi belgilab qoʻyilgan.
Mamlakatimizda “murojaat”ning ogʻzaki, yozma yoki elektron shakllari boʻlib, buni amalga oshirish uchun huquqiy asoslar bilan birgalikda, zarur shart-sharoitlar, jihoz va texnologiyalar mavjud. Murojaatlar ariza, taklif yoki shikoyat tarzida beriladi.
Murojaatlarni koʻrib chiqish va ijobiy hal etish qonunchilikda belgilangan tegishli huquqiy asoslar, tartib va muddatlarda amalga oshiriladi. Jumladan, ariza yoki shikoyat 15 kun ichida, qoʻshimcha oʻrganish, tekshirish, yoki qoʻshimcha hujjatlarni soʻrab olish talab etilgan hollarda bir oygacha muddatda koʻrib chiqilishi mumkin. Qonunchilikka muvofiq, muddat tegishli davlat organining rahbari tomonidan koʻpi bilan bir oy muddatga uzaytirilishi nazarda tutilgan. Taklif bir oygacha boʻlgan muddatda oʻrganilib, koʻrib chiqiladi.
2023-yil davomida Xorazm viloyati Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasiga jami 13 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlar asosan “Ishonch telefoni” hamda “Ochiq eshiklar kuni”da kelib tushgan. Murojaatlarda keltirilgan masalalar yuzasidan 10 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan hamda 3 tasi qanoatlantirilgan.
Bundan tashqari “Dialog maydoncha”si orqali OAV vakillari, jurnalist va blogerlardan kelib tushgan murojaatlar ham boshqarma tomonidan huquqiy maslahatlar berilib, qanoatlantirilib kelinmoqda.
Boshqarmada jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari doimiy qabul qilinib, vakolatimiz doirasida amaliy yordam, huquqiy tushuntirish berish yoki tegishliligi boʻyicha idora va tashkilotlarga yoʻnaltirish ishlari yahshi yoʻlga qoʻyilgan.