NOSHIRLAR BILAN SUHBAT
- Автор: Сапарбоев Наврўз
- Февраль 01, 2024
- 205 кўрилди
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Xorazm viloyati boshqarmasida vohada faoliyat koʻrsatayotgan noshirlar bilan davra suhbati oʻtkazildi.
Maʼlumki, “Noshirlik va matbaa sohasini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi 2020-yil 16-mart PQ-4640-son qarori bilan noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartibi bekor boʻlib, noshirlik va matbaa faoliyatining boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilindi. Bu bilan sohadagi tadbirkorlik subyektlariga emin-erkin faoliyat koʻrsatishlari, ortiqcha qogʻozbozliklardan holi ish olib borishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Bugungi kunda viloyatda 16 ta nashriyot ish olib bormoqda. Viloyatda faoliyat koʻrsatayotgan nashriyotlar matbaachilik yoʻnalishida ham samarali ish olib bormoqdalar. Tadbirkorlar tomonidan bir paytning oʻzida ham noshirlik, ham matbaa sohasida aholiga xizmat koʻrsatish yoʻnalishlari yoʻlga qoʻyilgan.
Boshqarma boshligʻi Dilbar Bekchanova davra suhbati jarayonida noshirlarga “Ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va jurnalistika sohasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2022-yil 27-iyundagi PQ-294-son qarorining mazmun-mohiyati, shuningdek, kitob mahsulotlari uchun standart belgilarini sotib olish tartibi, kitob mahsulotlarini chop etish, tarqatish va targʻibotini tashkil qilish masalalari boʻyicha zaruriy maʼlumotlarni, tavsiyalarni berdi.
Tadbirda “Ogahiy”, “KHwarezm publication”, “Ijodkor” nashriyotlarining direktorlari ham soʻzga chiqdilar. Davra suhbatiga yigʻilgan noshirlar oʻzaro tajriblarini oʻrtoqlashdilar, fikr almashdilar. Ushbu suhbat samarali va muloqotlarga boy tarzda boʻlib oʻtdi.
N.SAPARBAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
Xorazm viloyati boshqarmasi bosh mutaxassisi