OLIYJANOB INSON, MOHIR MUHARRIR, MEHRIBON USTOZ

OLIYJANOB INSON, MOHIR MUHARRIR, MEHRIBON USTOZ

(Esse)

Ushbu esseni, ustoz Erkin aka Samandarov hali hayot paytlarida yozgan edim. Boshqarma tarixi haqida kitob tayyorlashga kirishganim- oʻtgan yilning dekabr oylarida yozib tugatib, uni toʻplamga joylamoqni niyat qilgandim.
Qizlari taniqli shoira Sayyora Samandarova ham kelgusiyil otasining 90 yoshlik yubileyi nishonlanishi munosabati bilan toʻplam tayyorlayotganini aytganida, ularga ham berdim. Shirin xotiralar, eslanmalar bitilgan qalb soʻzlarimni oʻqiganlarida edi, ustoz, afsus...
Bugun ustoz oramizda yoʻqlar. Ammo Sayyora Samandarova aytganidek, “Yaxshi amallar insonning ikki dunyosini ham bezar ekan... Otajonim, Siz minglagan qalblarda, shirin xotiralarda mangu yashaysiz! Izlaringiz obod boʻlsin ilohim!”

Inson hayotida hecham unutilmas voqealar boʻladi. Bu aksariyat paytlarda yaxshilik va ezgulik bilan bogʻliq holatlar. Kimdir sizga yaxshilik qilgan boʻlsa, uni bot-bot eslab, oʻrni kelganida minnatdorchilik bildirgingiz, yoxud barchaga aytgingiz keladi.
“Xorazm haqiqati” gazetasi tahririyati xodimlari bilan bogʻliq yoddan chiqmas xotiralarim juda koʻp. Tahririyat “qozonida qaynagan” lahzalar hayotimning eng goʻzal damlari edi, deya bot-bot takrorlayman. Bilmadim nega, ammo aminmanki, bu yerda ustoz va hamkasblarimdan yaxshiliklar, mehr-muruvvatlar koʻrdim. Meni tushinishga harakat qilayotganlar, qoʻllab-quvvatlovchilar, hurmat etuvchilar yonginamda edi.
Vohada eng nufuzli va obroʻli nashrdan biri sifatida tanilgan gazetada zabardast jurnalistlar, ijodkorlar samarali mehnat qilishardi. Men oʻqishni tugatib kelgan - 1985-yilda taniqli shoir, jurnalist va yozuvchi Erkin Samandar ushbu nashrga muharrir edilar. Oliygohda oʻqishimning besh yili davomida amaliyotni shu dargohda oʻtkazardim. Har yili iyul oyida kelib, avgustni oxirlab yana oʻqishga qaytib ketardim. Ustozlardan xoʻp oʻrgandim. Ular- Soliyajon Rahimberganova, Arslon Otajonov, Otamurod Pirmatov, Sulton Nodirmatov, Jumanazar Yusupov, Sotimboy Avazov, Zarif Ibrohimov, Qadam Solayev, Bozorboy Bobojonov, Shixnazar Ahmedov, Neʼmatjon Solayev, Ullibibi Otayeva, Oymonjon Egamova, Sulton Otajonov, Oʻktam Palvanov va boshqalar.
Saksoninchi yillarda “Xorazm haqiqati” gazetasi haftaning besh kuni nashrdan chiqarilardi. Kechagidek eslayman. Ish boshlagan kunimning uchinchi kuni meni navbatchilikka qoʻyishdi. Shu songa masʼul muharrir Arslon aka Otajonov edilar. Men qattiq hayajonlanganman. Chunki, gazetaga navbatchilik - katta masʼuliyat, yuksak ishonch edi. Kechagina talabalik stolidan turib kelgan, mushtdek qizga shunday ulkan vazifani - viloyat gazetasining taqdirini ishonib topshirishdimi? Ongi-shuurimni ichki masʼuliyat va mislsiz bir hayajon qamrab olgan edi. Savol berishga ham ulgurmagan edim. “Redaktorning topshirigʻi bilan navbatchilikka qoʻyildingiz” deyishdi.
A.Otajonov chuqur mulohazasi, tahriri kuchli, talabchan inson. Gazetaning muharriri oʻrinbosari sifatida obroʻsi baland. Har bir kishiga, hamkasbiga toʻgʻri baho beraoladi. Meni muharrir oʻrinbosari bilan navbatchilikka qoʻyishganidan quvonib ketdim. Odatga koʻra, masʼul muharrir barcha sahifalarni koʻrib boʻlgach, imzo qoʻyib, tahririyatni tark etardi. Navbatchi muxbir esa to tongacha, gazeta chop qilib boʻlguncha, tipografiyada boʻladi. Mabodo, biron xatolik kuzatilsa, zudlik bilan tuzatish choralarini koʻradi.

Muharrirning ishonchini oqlashim kerak, degan kuchli andisha va masʼuliyat bilan navbatchilikni oʻtkazdim. Gap natijada. Mashaqqat tuguni ham biroz yumshadi. Gazeta xatosiz va sifatli chop qilindi. “Bosishga” degan soʻz bilan ilk bor gazetaning chiqishiga imzoimni qoʻydim. Ellik mingdan koʻproq nusxada chop qilinayotgan yagona nashrimizga “Bosishga” ruxsat berishdek ham masʼuliyatli, ham sharafli ishni uddaladim chogʻi... bu holatni bir soʻz bilan ifodalash qiyin. Men qushdek uchdim, katta bir ishni uddasidan chiqqanimdan quvondim. Oʻshanda menga ishonch bildirgan va masʼuliyatni his qilishga undagan Erkin Samandarovdan minnatdorman. Nazarimda, navbatchilikka qoʻyish voqeasi- xuddi polaponini uchishga, yashashga oʻrgatayotgan qushni eslatadi. Muharrirning yosh kadrlarga eʼtibori, ularni tarbiyalashga boʻlgan yondoshuvi naqadar toʻgʻri va xolisona ekanligini xis qilaman. Oʻshanda deyarli har kuni, har soniya shu dargoh rahbarining qarshisida, katta bir insonning doimiy nazoratida ekanligimni unchalik ham tushunmaganman.
Tahririyatda misli ikkinchi universitetni oʻtayotgandek edim. Negaki, tahririyatda 50 kishi ishlayotgan boʻlsa, bari mening ustozim, imtihon qilayotgan va sinab koʻrayotgan domlalar misoli ziyoli va zakovatli edilar. Tahririyat darsxonasi tom maʼnoda yoshlar uchun dorilfunun boʻldi...
1988-yili yosh muxbirlarni uy-joy bilan taʼminlash maqsadida hukumatning topshirigʻiga asosan tahririyatning 3-4 ta yosh oilalariga uylar ajratiladigan boʻldi. Men yangi oila qurgan paytim edi. Onam rahmatlik “dom” olsang, bir umr unda qolib ketasan. Yaxshisi, “uchastka qilinglar, kelajakda bolalaring bilan yayrab yashaysan”, dedilar. Bu fikrimni muharrir bilan maslahatlashib koʻrdim. Erkin aka ham maʼqulladilar. “Onangiz juda toʻgʻri aytibdilar. Biz ham qarab turmaymiz. Yordam beramiz, qanday hujjatlar kerak boʻlsa, tayyorlang” dedilar.
Men barcha zaruriy hujjatlarni tayyorlab, Urganch shahar ijroiya qoʻmitasiga bordim. Ammo, u yerdan juda ogʻir gap eshitib chiqdim. “Mushtdek boʻlib, senga uy qurishni kim qoʻyibdi. Homilador ekansan, hali bu bolang tugʻilsin-chi” deyishdi. Men bu gaplarni muharririmizga aytishga uyaldim. Yigʻilishlardan birida soʻrab qoldilar. “Kamchiligi bor ekan, hujjatlarim qaytarishdi”, dedim xolos. Oʻsha yillari tahririyatda jurnalist Bozorboy Bobojonov kasaba uyushmasi qoʻmitasi raisi edi. Muharrir unga “Bozorboy, birga borib, nima hujjat kam boʻlsa toʻldirib, ishni bitkazib qaytinglar”, deb topshiriq berdilar. Bozorboy ogʻaga, vaziyatni tushuntirdim. Oʻshanda Bozorboy ogʻaning bu gaplardan jahli chiqdi.
Birga ijroiya qoʻmitasi raisi oldiga kirdik. B. Bobojonov bu hujjatga shaxsan Samandarov imzo chekib berishlarini aytib, alohida taʼkidladi. Shundan soʻnggina menga uy-joy qurilishi uchun yer oʻrni ajratilib, qaror chiqarilgan edi. Rahbar tahririyatdagi har bir xodimiga ana shunday eʼtiborli, muruvvatli va gʻamxoʻr edilar.
Men bularni bugun oradan necha yillar oʻtib, yanada chuquroq va teranroq xis qilyapman. Katta farzandim dunyoga kelgandan keyin hujjatlarni topshirishga tahririyatga bordim. Yoʻlakda ustoz Erkin aka Samandarovga roʻbaro kelib qoldim. Ustoz men bilan soʻrashdilar, tabrikladilar, farzandimning ismini ham soʻradilar. “Umri, baxti, iqboli bilan bersin”, dedilar. Oradan
chamasi 6 oylar oʻtib yana ishxonaga bordim. Erkin Samandarov bu gal “Gʻayratbek katta boʻlyaptimi?” deb soʻradilar. Bilaman, odatda rahbarning yumushi, tashvishlari juda koʻp boʻladi. Ammo Erkin akaning oddiy muxbirning ham farzandi ismini aytib soʻrashishlari bu insonga hurmatimni yana oshirdi. Rahbarimizning kamtarinligi, oddiy ishchilarga ham muomalasi qanchalik tahsinlarga loyiq edi. Tahririyatimizda opa-singil farrosh onaxonlar ishlashardi. Ular hamisha xonalarni chippa-chinnidek tozalab, sidirishardi. Koʻp guvohi boʻlganman, Erkin aka ular bilan bafurja hol-ahvol soʻrashib oʻtganlarini.
Odatga koʻra har hafta yakuni bilan yigʻilish- “letuchka” oʻtkazilardi. Tahririyatning “Eng yaxshi maqola” va “Eng yomon maqola” deb nomlangan devoriy doskalari boʻlardi. Unga har hafta yigʻilishdan soʻng anʼanaga binoan yaxshi va yomon maqolalar ilib qoʻyilardi. Hammamiz eng yaxshi boʻlishga harakat qilardik.

Navbatdagi majlislardan birida mening “Dildor” sarlavhali kichik voqei- hikoyam keng muhokamaga sabab boʻldi. Kimdir u dedi, kimdir bu. Mavzu toʻqima, dolzarb emas, shu kabilar...
Hikoyada yosh oilada erining ayoli ustidan zoʻravonligi muammosi ilgari surilgan edi. Toʻgʻri, u davrlarda ushbu mavzuni gazetasida olib chiqish haqida gap boʻlishi mumkin emas edi. Ammo oilada zoʻravonlikka uchrayotgan kelinlarning achchiq taqdiri, ularning turmush oʻrtogʻi tomonidan tahqirlanishlari, kaltaklanishlari bor gap edi. Bu mavzuga hech kim qoʻl urmagan boʻlsa-da, meni bu masala juda qiynagan.
Mavzuni koʻtarishimga talaygina sabablar boʻlgan. Men boʻlimda ustozim Soliyajon Rahimberganova partiya maktabiga oʻqishga ketganlaridan soʻng “Qizlar klubi” sahifasini tayyorlardim. Soʻngra Erkin Samandarovning taklifi bilan “Qizlar klubi” eshitadi” telefon orqali murojaatlarini yoʻlga qoʻydim. Menga ishonib topshirilgan sahifa uchun aynan shu nomni tanladim. Negaki, viloyatda xotin-qizlar masalalari, ayollar muammolarining cheki-chegarasi yoʻq edi. Baʼzan telefon orqali ayollarni soatlab tinglab oʻtirishimga toʻgʻri kelardi. Bu hikoya oʻsha murojaatlar asosida yozilgan real hayotiy voqea boʻldi. Hamma davrlarda ham xalq fikriga, aholi dardu-tashvishlariga jiddiy munosabatda boʻlishga harakat qilingan. Tahririyatimizga ham fuqarolardan har kuni yuzlab xatlar kelardi. Jurnalistlar muammolarning yechimini izlab, uzoq tumanlarga borishar, ertasiga gazeta sahifalarida turli tanqidiy-tahliliy maqolalar, felyeton va fotoaybnomalar dunyo yuzini koʻrardi.
Tartib-taomilga koʻra yigʻilish soʻngida muharrir ham oʻzining yakuniy hal qiluvchi fikr va xulosalarini bayon etardi. Muharrir hikoyamni “Eng yaxshi maqola” doskasiga osishni taklif qildi.
-Kichik asar, ammo katta qimmatga ega. Oilalarimizda qizlarimiz, kelinlarimiz ustidan zoʻravonlik boʻlmayapti, deb kim ayta oladi? Bu hikoya kattalarga ibrat boʻlsin, unda dolzarb muammo haqida fikr yuritilgan, xulosalar bor, - dedilar oʻz fikrlarini yakunlab.
Toʻgʻri, badiiy adabiyotda hikoya epik janr hisoblanadi. Ularda muayyan ijtimoiy hayot badiiylik asosida ham yoritib berilishi lozim. Hikoyamda shu tomonlama kamchiliklari boʻlishi mumkin. Bu yigʻilishda goho boʻzarib, goh qizarib, oʻzimni qoʻyarga joy topolmay qoldim. Rahbar ahvolimni angladilar chogʻi, yigʻilganlarga qarata, mavzu juda dolzarb ekanligi va uni dadillik bilan olib chiqqanimni yuksak baholadi. Bugun har kim emin-erkin oʻz mustaqil fikrini, soʻzini aytoladigan kunda bundan 35 yil oldin kichik asarim haqida muharririmizning naqadar toʻgʻri xulosalar qilganliklarini anglayman.
Bizning muharririmiz har kuni yangi bir tashabbus va gʻoyalarni ilgari surardilar. Gʻoyalar bilan yashashga odatlangan rahbar xodimlardan ham shuni talab qilardi. Bir joyda qotib qolish, kunim oʻtsa boʻldi, shu kungi satrlar talablarini bajarsam kifoya, niyatida zoʻrma-zoʻraki maqolalar yozish holatlarini yoqtirmaganlar.

Erkin Samandarov jamoada har kun tashabbus va har kun biron yangilik boʻlishi uchun astoydil jon kuydirganlar. Ayniqsa, yosh muxbirlarning oʻz ustida ishlashlari, kundalik faoliyatimizga biron yangilik tatbiq etishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berar, oʻzlari ham tinimsiz bu toʻgʻrida bosh qotirardilar. Haftalik yigʻilishlardan birida muharrir menga markaziy gazetalarni, yana kimgadir respublika, yana birovga viloyat nashrlarini oʻqib, sharhlab berishni topshirdilar. Oʻsha yillari nufuzli nashrlardan boʻlgan “Komsomolskaya pravda”, “Argumenы i faktы” gazetalarini oʻqib, xulosalar chiqarishimga toʻgʻri kelgan. Ularda diqqatimni tortgan eng muhim- kichik axborot shaklidagi materiallar boʻldi. Tuman va qishloqlarda olib borilayotgan eng diqqatga sazovor ishlar, xalqimiz irodasi bilan bunyod etilayotgan qishloqlar va ovullar haqida qisqa satrlarda axborotlarni birinchi sahifada berib borish juda ahamiyatli ekanligini, bu bilan oʻquvchilarimiz soni ham oshishini taklif qildim. Muharrir bu fikrimni qoʻllab-quvvatladi. Har bir boʻlimdan tizimdagi eng diqqatli, qiziqarli, sara- “qaymoq” yangiliklarni olib, ularni saralab borish menga topshirildi. Shu zaylda gazetamizning birinchi sahifalarida “Qisqa satrlarda yangiliklar” paydo boʻldi. Oʻsha yillari UzAA ning viloyatdagi oʻz muxbiri, rahmatlik taniqli jurnalist Yusufboy Ibragimov bizga katta yordam berib turdilar. Bugun bunday yondoshuvlar zamonaviy media makonda oʻzgacha termin bilan, yaʼni “Dayjest” deb atalmoqda.
Saksoninchi yillarda atrof-muhitni sogʻlomlashtirish, tabiatni himoya qilish maqsadida bogʻ-rogʻlarni koʻpaytirish, koʻchat ekib, daraxt parvarishlash tashabbusini birinchilardan boʻlib “Xorazm haqiqati” gazetasi boshladi. Bu tashabbuslarning boshida Erkin Samandarov turganlar. Taniqli insonlar, adiblar xotirasini abadiylashtirish maqsadida ular nomi bogʻlar barpo qilindi. Xonqa tumanidagi Alisher Navoiy, Yangibozordagi Abdulla Qodiriy bogʻlari ana shu tashabbuslar, saʼiy-harakatlar natijasida dunyo yuzini koʻrdi. Erkin aka haqiqiy vatanparvar, yurtparvar inson. Uning jamoada ogʻzibirchilikni taʼminlashga boʻlgan ragʻbati kuchli edi. Hamkasblarning toʻyu maʼrakalarida, quvonchu tashvishlarida oʻzlari bosh boʻlardi. Barchani “bir yoqadan bosh chiqarib” birdam va hamfikr boʻlishga chaqirardi.
Odatda oddiy muxbirning yozgan maqolalari dastlab boʻlim mudiri, soʻngra muharrir oʻrinbosari tomonidan sinchiklab tahrir qilinardi. Hech qachon muharrir muxbirning toʻppadan-toʻgʻri materialini tahrir etgan yoki koʻrgan emas. Bu jarayonlarni u paytlari koʻpam tushunmaganman. Ehtimol, umuman, boshqa vaziyat boʻlgandir...
Bir kuni Erkin aka Samandarov meni chaqirdilar-da oʻzlari topshiriq berdilar. Nega unday qilganlarini tushunmadim, xatto oʻshanda menda savol ham tugʻilmagan, bunday deyishga.
Shovot tumanida “Nuroniylar” sanatoriysi bor edi. Shu dargohda dam oluvchilardan, keksa va nuroniylardan suhbat uyushtirib kelishimni tayinladilar.
-Ertaga ertalab, qoʻlyozmani boʻlim mudiriga bermasdan menga olib kiring, -dedi muharrir.
Muharrir topshirigʻi bilan qushdek uchdim. Bu tabiiy edi-da. Oʻsha kuni Shovotga borib, barcha zarur maʼlumotlarni, hatto, bosh shifokordan turli rasmlarni soʻrab olib qaytdim. Uxlamasdan tonggacha maqolani yozib, ertasiga ertalab soat toʻqqiz boʻlmasdan ishxonaga keldim. Muharrir tayinlaganlaridek, qoʻlyozmani, rasmlarni oʻzlariga kiritdim.
-Mayli, koʻrib qoʻyaman. Hozircha ishingizni qilib turing, -dedilar. Hayajonim ichimda. Chaqirsalar, nima derkanlar, degan savollar bilan tinchimadim. Daqiqalar asrga tenglashdi, mahtal-muntazir boʻlib kutayapman... Nihoyat, chamasi bir soatlardan soʻng qabulxonada oʻtirgan Zulfiya Yoqubova, muharrir yoʻqlayotganini aytib qoldi. Bunday tuygʻu kimda qanday, ammo oyoq-qoʻlim boʻshashib ketdi. Rahbarning eshigi oldiga qay yoʻsinda yetib borganimni bilmayman. Hoynahoy, maqolam qizilga boʻyalgan, koʻnglimga kelaverdi...

-Yaxshi, buni darhol mashinkaga Sorajon opaga bering. Ertagi soniga ulgurishsin. Rasmlarni Amin Niyozmetovichga topshiring, oʻzlari tanlab olsinlar, maqolani oʻzim imzolayman, -dedilar. Qoʻlimga olayotib,shundoq koʻz yugurtirdim. Yuqorida “Mashinkaga” degan soʻzni oʻqidim. Birinchi varagʻida ikkita soʻz oʻchirilgan, bir soʻz qoʻshilgan. Keyingi betlariga qarashga muharrirning oldida uyaldim. Chiqishim bilan barcha varaqlarni tezlikda koʻzdan kechirdim. Jami sakkizta betning toʻrtta joyiga qalam tekkizilgan, xolos. Boshqasi joyida. Bu katta muvaffaqiyat, tengi yoʻq yutuq edi, men uchun.
Erkin aka ana shunday ajoyib, oʻz fikrga ega, bagʻrikeng, diyonatli, sharoitga qarab ish tutadigan, isbotni qadrlagan, hamkasblariga mehribon, hammani birdek tushunishga ragʻbati kuchli, strategiya va taktikasi natijador yetakchilardan edi. Insonga xos madaniyat ziyosini, maʼnaviyat shuurini qalbimda sharaflantirgan ustozimga ming rahmat. Jurnalistika aslida, mashaqqatli, zalvorli yoʻl ekanligini anglashda koʻmagini ayamagan, odamlar orasida yashashga, ogʻzibirchilikda mehnat qilishga oʻrgatgan ustoz Erkin Samandarovdan minnatdorman.
Ustozimning umrlari ziyoda boʻlsin. Zulm va gʻazablardan yiroq, adolatli va diyonatli insondan oʻrganganlarim, koʻrganlarim bugun oʻzim rahbar boʻlib ishlayotgan paytimda juda-juda asqotmoqda. Naqadar goʻzal qaytish, bu qanchalar ham tashbehli, benazir dunyo. Muharrir desalar, Erkin akaning salobatli qadamlari, ogʻir va vazminlik bilan fikr qilishlari, oqilona xulosalari bot-bot esimga tushadi. Hayotim davomida yaxshi rahbarlar, insofli kishilar, mehribon ustozlar, kasbdoshlar, munosib shogirdlar bilan ishlash, yoʻldosh va hamkor boʻlish nasib qilganiga shukur...

Dilbar BEKCHANOVA,
jurnalist

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.