XUSUSIY KUTUBXONAGA AOKA NING KITOBLARI TOPSHIRILDI

XUSUSIY KUTUBXONAGA AOKA NING KITOBLARI TOPSHIRILDI

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yuborilgan ikki yuz nomdagi uch yuzdan ortiq kitoblar Urganch shahri markazida yangi tashkil qilingan xususiy “Yoshlar kutubxonasi” ga taqdim etildi.

Respublikamizning eng nufuzli nashriyotlarida bosmadan chiqqan ushbu adabiyotlarni Agentlikning Xorazm viloyati boshqarmasi boshligʻi Dilbar Bekchanova taniqli shoir va yozuvchilar ishtirokida tantanali ravishda topshirdi. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi, Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari Gavharjon Ibodullayeva, taniqli shoir, yozuvchi va dramaturg Qurbon Muhammadrizo tadbirda soʻzga chiqib, ishtirokchilarga kitobning insoniyat taraqqiyotidagi roli, yoshlar tarbiyasida tutgan muhim va betakror ahamiyati haqida gapirdilar. Shundan soʻng yoshlarning kitob haqidagi sheʼrlari tinglandi.

Taqdimot davomida kutubxonaning muhtasham zalida sevimli shoir va yozuvchilar bilan mushoira kechasi ham oʻtkazildi. Muqaddas kitob, ona-Vatan,  tabarruk oila, ota-ona hurmati, goʻzal urf-odatlarimiz mavzularini oʻzida jamlagan ijodiy kechada yoshlar vohaning taniqli ijodkorlari sheʼrlaridan bahramand boʻldilar. Mushoira kechasida yoshlar ham sheʼr va gʻazallardan namunalar oʻqishdi.

Har kuni  ikki yuzdan ortiq kitobxonga xizmat koʻrsatayotgan mazkur maʼnaviyat maskani turli adabiyotlar bilan yana boyimoqda. Bugungi kunda xususiy kutubxona 100 mingdan ortiq kitob fondiga ega.

Yoshlarning ana shunday sevimli dargohiga aylangan hashamatli va goʻzal binoda har kun-kunora mazmunli uchrashuv va kechalar boʻlib oʻtayotgani katta ahamiyat kasb etadi.

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.