Xotira va qadrlash kuni oldidan: SIZDAN KITOB OʻQISHNI OʻRGANAMIZ

Xotira va qadrlash kuni oldidan: SIZDAN KITOB OʻQISHNI OʻRGANAMIZ

Qalbi misli bolalardek begʻubor  va samimiy  ustoz Ollabergan Poʻlatovni yoʻqlab, uylariga borganimizda,  "Oʻzbekcha- ruscha lugʻat" kitobini varaqlayotgan ekanlar. Nega, aynan lugʻat oʻqiyapsiz, deb soʻraganimizda, xotiramni mustahkamlayapman.  Ilgari oʻqigan va yodlaganlarim esdan chiqmaganmikan, deya  oʻzimni qayta-qayta sinamoqdaman, deb  javob berdilar.

Ayrim insonlar butun umri davomida oʻqib-oʻrganadilar. Xotirasini yoʻqotmaslik, zehni va idrokini, aqli-shuurini yanada tetiklashtirish uchun kitob oʻqiydilar. Xalqimizning “Beshikdan qabrgacha ilm izla” degan goʻzal naqli bejiz aytilmaganligini ustoz hayotida koʻrdik.  Ustoz kitob mutolaasi orqali yanada muhtasham boʻlishga, kitobni qadrlab,  umrining mazmuniga aylantirishga harakat qilmoqdalar.

Bolalarning sevimli shoiri, taniqli jurnalist, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Ollabergan Poʻlatov bilan oʻsha kuni dildan   suhbatlashdik.  Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi rahbari, taniqli shoira Gavharjon Ibodullayeva ham, men ham savol-javobdan toʻxtamadik. Suhbatimiz  juda maroqli oʻtdi. Ustoz ijodidan namunalar oʻqib berdilar. Nashrga tayyorlanayotgan yangi kitobining nazorat nusxasini qoʻliga olarkan, uni mehr bilan silab, xuddi yosh bolalardek, quvondilar.

Ollabergan Poʻlat sakson yoshdan oshgan boʻlsalar-da ijod qilib charchamayaptilar. Oʻzining koʻngil mulkini kitoblarda afzal bilayotgan ustozni koʻrib, xayajonimizni yashiraolmadik. Qadrli ustoz umringiz uzoq va samarali boʻlsin, ijoddan charchamang, sizga kuch-gʻayrat, muhtasham hayot tilaymiz! Har kun kitob oʻqishni Sizdan oʻrganamiz! Qadringiz hamisha baland boʻlsin!

Dilbar BEKCHANOVA,  jurnalist

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.