IQTISODIY, IJTIMOIY OʻSISH SARI

Xorazm viloyati xalq deputatlari shahar va tuman kengashi sessiyalarida hokimlarning murojaatlari eshitildi. Hokimlar 2021-yilda belgilab olingan dastur va yoʻl xaritalari asosida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi borasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalarga atroflicha toʻxtalib oʻtdilar.

 

Tuman rahbarlari oʻz murojaatlarida hududni 2022-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha belgilab olingan ustuvor vazifalar, shuningdek, “Xorazm viloyatini 2022-2026-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi”ga asosan  xududiy investitsiya dasturi doirasida 2022-yilda oʻzlashtirilishi kutilayotgan muhim obyektlar, buning natijasida yaratiladigan yangi ish oʻrinlari  haqida ham atroflicha toʻxtaldilar.

Tumanlarda “Yangi Oʻzbekiston” massivini barpo etish,  “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish hisobidan joylarda aholining oʻzini-oʻzi ish bilan taʼminlash masalalarini rivojlantirish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarning muammolarini hal qilish borasida amalga oshiriladigan ishlar haqida soʻz yuritildi.

Sessiyalar yakunida hokimlar hisobot va istiqbolli rejalar yuzasidan deputatlar va jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Xususan, bugungi kunda aholi hayotini yaxshilash uchun dolzarb boʻlib turgan mahalliy byudjet mablagʻlaridan maqsadli va oqilona foydalanishda jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish, yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, kreditlar ajratish va arzon turar joylar qurilishi hamda fuqarolarga yer ajratish bilan bogʻliq masalalar keng muhokama etildi.

Sessiyalar oldidan hududlarda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, hunarmandchilik koʻrgazmalari tashkil qilindi. Jurnalistlar va blogerlar uchun tuman va shaharlardagi  ishlab chiqarish korxonalariga, tadbirkorlik obyektlariga, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalariga press-turlar tashkil qilindi.

 

Dilbar BEKCHANOVA,
jurnalist

Сайт маълумотларидан фойдаланганда http://aokaxorazm.uz расмий веб сайтига ҳавола кўрсатиш шарт.